O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha 2022-yilda bajarilgan ishlar yakuni va 2023-yildagi asosiy vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi o‘rinlarda – FVDT) 2022-yildagi asosiy faoliyati aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali tashkil etish va amalga oshirish, FVDT boshqaruv organlari hamda kuchlar va vositalarining tayyorgarligini oshirish hamda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga qaratildi.
FVDT tomonidan 2022-yil uchun asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq qator tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, gidrografik tamoyil asosida 27 ta daryolar, 21 ta soylar, 13 ta kanallar va 26 ta gidrotexnik inshootlar o‘rganib chiqilib, Toshkent viloyatida 14 ta, Jizzax, Navoiy va Namangan viloyatlarida 12 tadan, Qashqadaryo viloyatida 10 ta, Andijon, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida 7 tadan, Surxondaryo viloyatida 6 ta, jami 87 ta uchastkalarda muhadislik-muhofaza ishlari bajarildi.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli idora va tashkilotlar bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish masalalari bo‘yicha hamkorlikda xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha 172 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
O‘quv mashqlariga 11 123 nafar shaxsiy tarkib va 2 090 ta maxsus texnikalar jalb etilib, 66 270m3 tuproq, 66 408 m3 qum-shag‘al, 6 218 m3 beton ishlari bajarildi, 95,9 km masofadagi magistral kanallar, daryolar va soylar o‘zanlari tozalandi.
Gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda yashovchi aholini xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borildi.
Gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda yashovchi aholi o‘rtasida
11 471 ta profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari o‘tkazilib, ularda 321 706 nafar aholi qamrab olindi.
Rejaviy profilaktik tadbirlar davomida Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta'limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari hamkorligida 9 942 ta umumta'lim maktablari, akademik litseylar, professional ta'lim muassasalarining 6 mln nafardan ziyod o‘quvchilari va 159 ta oliy ta'lim muassasalarining 571 ming nafar talabalari bilan “Suv havzalarida cho‘milish qoidasi – salomatlik va xavfsizlik garovi” mavzusida tadbirlar o‘tkazildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarida 11 210 marotaba seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazildi, ularda 618 183 nafar fuqarolar qamrab olinib, 324 187 ta eslatmalar tarqatildi.
Boshqaruv organlari va FVDT xizmatlarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi shayligini oshirish maqsadida jami 67 ta qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazilib, ularga 7504 texnika va 382 031 ishtirokchilar jalb etildi.
Shular qatorida, may oyida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va Fuqaro muhofazasi oyligi” va dekabr oyida “Yong‘in xavfsizligi oyligi”o‘tkazilib, o‘tkazilgan oyliklar davomida keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki ro‘y berganda sodir bo‘lganda aholini xabardor qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlar xavfi yoki sodir bo‘lganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish va ma'lumot (axborot) yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va rivojlantirish to‘g‘risida” 2017-yil 8-avgustdagi 601-son qaroriga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalariga 15 to‘plam respublika darajasida xabar berish va ma'lumot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi o‘rnatilib, FVDqT boshqaruv organlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga xabar berish hamda ma'lumot yetkazishning kundalik tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklarining ishlarni mexanizasiyalash yig‘ma komandalari shayligini ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida, hududiy ishlarni mexanizatsiyalash yig‘ma komandalarining (1 208 nafar shaxsiy tarkib va 360 ta texnika) saf ko‘riklari o‘tkazildi.
Davlat nazorati tadbirlari doirasida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi davlat nazorati tadbirlari doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi Karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar muhofaza markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi amaliy markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi, Maktabgacha ta'lim vazirligi va ularning hududiy tuzilmalarining, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi Xorazm, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududiy quyi tizimlarining soha yo‘nalishidagi tayyorgarlik holati tekshiruvdan o‘tkazildi.
Yuqoridagilardan tashqari, yo‘nalish doirasidagi Qonun va qonunchilik hujjatlari takomillashtirilib, O‘zbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida” 2022-yil
17-avgustda O‘RQ-790-son Qonuni qabul qilindi.
Shunga qaramasdan, 2022-yil davomida bir nechta tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, gidrometeorologik va geologik xavfli jarayonlarning ro‘y berishi aholi hayoti va sog‘ligiga zarar yetishi hamda moddiy yo‘qotishlarga olib keldi.
Ro‘y bergan favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari (31%), aholi uy-joylarida gaz (portlashi) chaqnashi (13,5%), aholining tabiiy, is gazidan va toksik moddalardan zaxarlanish (31,7%), binolar, inshootlar va yer jismlarini qulashi (7,1%), avtomobildagi yong‘in hodisalari (4%) tashkil etgan.
2023-yilda respublikada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish, sodir bo‘lganda ularni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek aholini va rahbarlar tarkibini favqulodda vaziyat(hodisa)larda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash maqsadida FVDTning joriy yil uchun maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
aholi, eng avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj (bolalar, ayollar va imkoniyati cheklanganlar) aholi qatlami bilan muloqotni kengaytirish, bu borada “mahallabay” va “xonadondbay” ishlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish;
aholi va hududlar xavfsizligiga tahdidlar, tabiiy va texnogen xususiyatli xavf manbalarini hisobga olgan holda, tumanlar va shaharlar miqyosida kuchlar va vositalarni samarali taqsimlash, aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganda o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatuvchi FVDT xizmatlarining tezkor harakatini muvofiqlashtirish mexanizmini yanda takomillashtirish;
favqulodda vaziyat (hodisa)lar ro‘y berish xavfini barvaqt aniqlash bo‘yicha monitoring, tahlil va prognoz qilish tizimini yanada kuchaytirish;
aholining barcha qatlamlarini favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash ishlarini tizimli ravishda olib borish;
favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki bunday vaziyatlar ro‘y berganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish bo‘yicha aloqa va xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimlarini amaliyotga keng joriy qilishni davom ettirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini tashkil qilish va amalga oshirishning barcha bosqichlarida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasida davlat nazoratini amalga oshirish;
FVDT va Favqulodda vaziyatlar vazirligi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaratilgan yaxlit tizimini yanada rivojlantirish;
ta'lim muassasalari uchun “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va o‘quv dastur (mavzu)larini takomillashtirish hamda amalda tatbiq etish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarni takomillashtirish.