FVV ogohlantiradi:
19 oktyabr kuni ob-havo o'zgaruvchan bo'lib, yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat kechasi 5-10*S iliq, kunduzi 22-27*S gacha iliq bo'ladi.

Korrupsiya – taraqqiyotga g‘ov

Bugun dunyoning barcha mamlakatlari korrupsiya deb atalgan illatga, aniqrog‘i, davlat va jamiyatning taraqqiyoti, farovonligiga to‘siq bo‘luvchi salbiy omilga qarshi keskin kurash olib bormoqda. Xususan, Yangi O‘zbekiston davrida muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan korrupsiyaga qarshi kurash, uni jamiyatimizdan tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash, boshqaruvning qonuniy, shaffof, adolatli tizimini yaratish yuzasidan qator amaliy ishlar tashkil qilinmoqda.

Buning uchun avvalo huquqiy asoslarning yaratilayotganligini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi qarori bilan qabul qilingan “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi”, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 29-iyundagi PF-6013-son Farmoni va yana boshqa hujjatlarni misol qilishimiz mumkin.   

Yurtboshimizning “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020-yil 29-iyundagi PQ-4761-son qarori bu boradagi ishlarga yangicha mazmun bag‘ishladi va ularni jadallashtirib yubordi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

O‘tgan vaqt mobaynida Agentlik tomonidan tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida bir qator tadbirlar tashkil qilinib, boshqaruv tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, ishchi-xizmatchilarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamoalarda qonuniylikni mustahkamlash yuzasidan tizimli natijalarga erishib kelinmoqda.

Bugungi davr jinoyatchini topish va uni jazolashdan ko‘ra, fuqaro yoki ishchi-xizmatchining jinoyat ko‘chasiga kirib qolishining oldini olish, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, bordi-yu to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishayotgan bo‘lsa, uni haq yo‘lga solish bilan bog‘liq samarali profilaktik choralar ko‘rishni taqozo etmoqda. Chunki inson onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. U ulg‘aygan muhit, shart-sharoit yoki boshqa salbiy omillar, tashqi ta’sirlar uni jinoyat ko‘chasiga yetaklashi mumkin.

Shuning uchun ham O‘z xavfsizligi boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari bugungi kunda o‘z faoliyatida korrupsiya, poraxo‘rlik, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar sodir etilishining oldini olish, ishchi-xodimlarni ushbu yo‘ldan qaytarish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish yuzasidan profilaktik, tushuntirish-targ‘ibot, o‘rganish va amaliy yordam berish ishlarini amalga oshirmoqdalar. Bulardan maqsad – vazirlik tizimi harbiy xizmatchilari va xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularning qonunga hurmat hamda itoatkorlik tuyg‘ularini yuksaltirish, ona yurt, xalq manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat qilishdir.

Qayd etish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashishda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham vazirlik tizimida tashkil qilinadigan ma’naviyat va ma’rifat mashg‘ulotlarida korrupsiyaga qarshi kurash, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga bag‘ishlangan bir qator ma’ruzalar tashkil qilinib, ularga respublikamizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, tajribali mutaxassislari jalb etilmoqdalar. Bundan tashqari, jamoalarda korrupsiyaviy omillarni o‘rganish maqsadida, qator savolnomalar tashkil qilinib, ularga javoblar olinmoqda va natijalar tahlil qilib borilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoatchilik bilan faol ishlashni taqozo etadigan, aholiga qutqaruvchilik yordamini ko‘rsatadigan tashkilot hisoblanadi. Shuning uchun ham ushbu tizimning har bir harbiy xizmatchisi, xizmatchisi lavozimi, yoshi, egallab turgan harbiy unvonidan qat’i nazar, aholi bilan yuqori muomala madaniyatiga asoslangan holda munosabatda bo‘lishi, kiyinishi, o‘zini tutishi, axloq-odobi bilan o‘zgalarga ibrat va namuna bo‘lmog‘i, har qanday vaziyatda ham o‘z manfaatlaridan jamoa, xalq manfaatlarini ustun qo‘yishi shart va zarur. Ana shundagina u chinakam ma’noda qutqaruvchi deb atalgan sharafli nomga munosib bo‘ladi.

Ularda bu kabi fazilatlarni tarbiyalash esa nafaqat qaysidir mas’ul shaxs, balki har bir bosh boshqarma, boshqarma va  xizmat rahbarining burchi hisoblanadi. Chunki safdoshini to‘g‘ri yo‘lga solish, u xato qilayotgan bo‘lsa, komandirini bundan xabardor qilish, noqonuniy ishga jalb qilinsa, undan bosh tortish kabi talablar har bir harbiy xizmatchi va xizmatchidan birinchi galda so‘raladigan savollardir.

Bu borada jamoalarda azaldan davom etib kelayotgan “ustoz-shogird” an’anasini faol davom ettirish, yosh harbiy xizmatchi va xizmatchilarni katta yoshdagi tajribali, yuqori malakali xodimlarga biriktirish, ularning ustoz-shogirdlik maqomini oshirish, o‘zaro hamkorlikda xizmat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish korrupsiya va boshqa tusdagi zararli omillar xavfini kamaytirib, yosh harbiy xizmatchi va xizmatchilarni o‘z burchiga sodiq, yuqori ma’naviyat va ma’rifat egasi qilib tarbiyalashda muhim omillardan bo‘lib xizmat qiladi. Chunki o‘z xizmat vazifasida yuqori natijalarga erishayotgan, davlatimiz va hukumatimiz, vazirligimiz rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirib kelinayotgan tajribali mutaxassislar faoliyati yosh xodimlarda kasbga, sharafli xizmatga mehr, qiziqish tuyg‘ularini oshiradi. Ular ham kattalar kabi sadoqat bilan xizmat qilishni, ona vatanga xizmatni halol, adolatli olib borishni va bu yo‘lda yuqori natijalarga erishishni o‘z maqsadiga aylantiradi.

Sir emaski, bugun yuksak darajada taraqqiy etgan fan-texnika, texnologiyalar asrida yashayapmiz. Bu davrda dunyodagi vaziyat, g‘oyalar va manfaatlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar, to‘qnashuvlar har bir insonni o‘z domiga tortish harakatida bo‘ladi. Shunday vaqtda har bir ishchi-xodim xolis va shaffof fikr yuritmog‘i, oqni qoradan ajrata bilishi, turli yot kuchlarning ta’siriga berilmasligi lozim. Buning uchun esa unda yuqori bilim, ma’naviyat, xolis va faol fuqarolik pozisiyasi shakllanmog‘i darkor.

Shuni ham qayd etish kerakki, bugun ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning turli chiqishlari, muayyan masalaga asossiz munosabat bildirishlari, o‘zaro tortishuv, ziddiyatga borish kabi holatlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari bu masalada g‘oyat hushyor bo‘lishlari, internet, uyali aloqa vositalaridan foydalanishda belgilangan tartib-taomillarga qat’iy amal qilishlari, har qanday masalaga munosabat bildirishda,  o‘z murojaatlarini bayon qilishda, avvalo, qonuniylik, ikkinchidan, yuqori muomala madaniyatiga amal qilishlari lozim.

Unutmaslik kerakki, biz bugun Yangi O‘zbekiston davrida yashayapmiz. Bugun muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan jamiyatning barcha jabhasida shiddatli islohotlar ketmoqda. Bulardan maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish, insonlarning farovon va xotirjam hayotini ta’minlash. Shunday ekan, tarixiy islohоtlar davrida uning faol ishtirokchisiga aylanishimiz, “Vatan menga nima berdi?”-deb emas, aksincha “Men ona Vatanim taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shdim?”-degan savolni o‘zimizga qayta-qayta berishimiz, unga munosib javob berish uchun astoydil mehnat qilishimiz kerak.

Aniqki, ushbu savolga munosib javob bera oladigan odam har qanday jinoyat ko‘chasidan yuzini ters buradi, halollikni o‘ziga odat qiladi, har qadamda, har nafasda yurt manfaatlarini ta’minlash uchun kurashadi. Qarabsizki, korrupsiya, poraxo‘rlik, jinoyatchilik va huquqbuzarlik degan illatlarga oramizda o‘rin qolmaydi. Shunday ekan, har birimiz egallab turgan lavozimimiz, harbiy unvonimiz yoki yoshimizdan qat’i nazar, zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalarimizni halollik, pok vijdon va sadoqat bilan ado etishimiz zarur.

Zero, ona vatan va xalqimiz farovonligi, tinchligi, xotirjamligi, avvalo, o‘zimiz va yaqinlarimizning baxt-saodatimiz demakdir.

 

Doniyor O‘rmonov,

FVV xodimi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech