FVV ogohlantiradi:
19 oktyabr kuni ob-havo o'zgaruvchan bo'lib, yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat kechasi 5-10*S iliq, kunduzi 22-27*S gacha iliq bo'ladi.

Yong‘inlarni oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar

Yong‘in — insonlarning hayoti ularning sog‘ligi, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki hamda atrof muhitga jiddiy zarar yetkazadigan nazorat qilib bo‘lmaydigan yonishga aytiladi.  

Tabiiyki, havo haroratining pasayib, kunlar sovishi natijasida elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Ulardan foydalanishda e'tiborsizlik tufayli yoki nosoz, nostandart isitish moslamalarini ishlatish natijasida yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkin.

Bunday holatlarga tushmaslik uchun uy-joy sektorlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari obyektlaridagi gaz, elektr va boshqa yoqilg‘ida ishlovchi isitish moslamalarini soz hamda shay holatga keltirish choralarini mavsum boshlanishidan avval amalga oshirish zarur. Yong‘inlar sabablari tahlil qilinganda, ularning 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan. Aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan. Yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz hodisalarning noxush oqibatlari, shuningdek, mamlakatimizda mavsum davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish lozimligi munosabati bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingiz lozim:

- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;

- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;

- isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va ular dudbo‘ronlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini ko‘zdan kechiring va dudbo‘ron orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qarating;

- isitish pechlarining dudbo‘ronlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;

- nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang, standart talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasidan foydalaning;

- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;

- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;- gaz ta'minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;

- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;

- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;

- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e'tibor bering.    

Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering. Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni turli baxtsiz hodisalar va yong‘indan asrab qolgan bo‘lasiz.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech