QUTURISH kasalligidan ehtiyot bo‘ling!

Quturish - virus keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, yovvoyi tabiatda bo‘rilar, chiyabo‘rilar, tulkilar va yonotsimon xayvonlarda uchraydi. Shu bilan bir qatorda, itlarda ham mazkur virus borligi aniqlangan. Agar kasallikka qarshi chora ko‘rilmasa, o‘z navbatida itlar virusni odamlarga yoki boshqa uy hayvonlariga yuqtirishlari mumkin. Shu sababli itlarni bog‘liq holda saqlash va o‘z vaqtida emlatish muhim ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunga qadar dunyo miqyosida mazkur kasallikning davosi topilgani yo‘q. Quturish kasalligining ahamiyatini inobatga olib, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan 2009 yilda “28 sentyabr - Xalqaro quturish kasalligiga qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan. Mamlakatimizda bunday kasalliklarning oldini olish uchun har bir tuman tibbiyot birlashmalarining markaziy poliklinikalari va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida antirabik yordam ko‘rsatuvchi punktlar faoliyat olib bormoqda.

Tahlillarga ko‘ra, quturish kasalligi aksariyat hollarda fuqarolarning it saqlash qoidalariga rioya etmasliklari oqibatida, hayvonlar bilan munosabatda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yishi, jabrlanuvchilarni quturishga qarshi emlash uchun antirabik yordam xizmatiga o‘z vaqtida murojaat qilmasliklari tufayli kelib chiqmoqda.

Odamlar va hayvonlar o‘rtasida quturish kasalligini oldini olish maqsadida mutaxassislar tomonidan quyidagi oltin qoidalar ishlab chiqilgan:

  1. Egasiz, daydi itlarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang, chunki daydi itlar odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbasi hisoblanadi.
  2. Itlaringizni o‘z vaqtida hududiy veterinariya xizmati idoralariga hisobga qo‘ydiring, quturishga qarshi emlating, veterinariya mutaxassisidan it saqlash qoidalari bo‘yicha tegishli maslahatlarni oling va shu qoidalarga doimiy ravishda amal qiling.
  3. Imkon qadar it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlaning, bolalarni ham hayvonlar tishlashidan ehtiyot qiling.
  4. Agar biror hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiling. Mutaxassis shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, quturishga qarshi o‘z vaqtida va to‘liq emlama oling. Hayvon tishlashidan jabrlangan odamni quturish kasalligidan asrashni, ya’ni fojiani oldini olishning birdan-bir yo‘li quturishga qarshi emlatishdir.

YODINGIZDA BO‘LSIN:

itni doimo bog‘langan holda saqlash, ko‘chaga olib chiqilganda tumshuq tasmasini taqish, itni tunda ko‘chaga chiqarib yubormaslik va ko‘chada qarovsiz qolishi hamda yovvoyi hayvonlar bilan muloqotda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;

farzandlaringizni qarovsiz qolgan va begona itlar bilan o‘ynashiga hamda ularni uyga olib kelishiga aslo yo‘l qo‘ymang.

Quturish kasalligi bilan kurashish nafaqat veterinariya, tibbiyot va boshqa tegishli tashkilotlarning ishi, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning ham burchidir. Shunday bo‘lgan taqdirdagina biz ko‘zlagan maqsadimizga, ya’ni o‘zimizni va farzandlarimizni bedavo kasallikdan muhofaza etishga erishishimiz mumkin.