YTHda jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilning 22 iyun kuni soat 10:20 da Akto‘be viloyatida “Volgograd - Chimkent” yo‘nalishida “Mersedes” rusumli avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Avtobusda jami 52 nafar yo‘lovchi bo‘lib, ulardan 50 nafari O‘zbekiston Respublikasi,
2 nafari Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston Respublikasining 9 nafar fuqarosi vafot etgan, 7 nafar fuqarosi jabrlanib, Aytikeb tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Voqea joyida 10 nafar fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 21 nafar fuqaro YTH oqibatida jabrlanmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi maxsus harbiy transport samolyoti joriy yilning 23 iyun kuni soat 19:40 da Nukus shahridan jabrlangan va vafot etgan fuqarolarni olib kelish maqsadida Qozog‘iston Respublikasi Akto‘be shahriga uchib ketgan hamda shu kuni soat 23:00da Akto‘be shahar aeroportiga qo‘ngan.  

O‘zbekiston Respublikasining 9 nafar vafot etgan, 7 nafar jabrlangan hamda qolgan 31 nafar fuqarolari Akto‘be shahar aeroportidan Toshkent shahriga soat 11:40 olib kelindi.

Vafot etgan fuqaro M.Ergashev “Xunday” rusumli maxsus tibbiy avtomashinasida Jizzax viloyatiga olib boriladi.

Vafot etgan fuqaro T.Djumaev “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi ko‘magida Surxondaryo viloyati Termiz shahar aeroportiga olib boriladi.

Vafot etgan 7 nafar fuqarolar 24 iyun kuni soat 12:40 da Mudofaa vazirligining samolyotida Farg‘ona shahar aeroportiga olib kelinib, Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi yaqinlariga topshiriladi.

Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan dafn etish marosimlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

YTH oqibatida jabrlangan fuqarolarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi.

 Qolgan fuqarolarga doimiy yashash joylariga etib borishlari uchun  amaliy yordam ko‘rsatiladi.