Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

2018 yil 27 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Toshqinga qarshi komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Unda o’z nutqi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o’rinbosari K.Aripov ishtirok etdi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar, Suv xo‘jaligi vazirliklari, O‘zgidromet markazi, Davlat geologiya qo‘mitasi rahbarlari, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxandaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlari soha yo‘nalishi borasida: 2018 yilda sel, suv toshqini va ko‘chki hodisalarining xavfi bo‘yicha bashorati, mavsum davomida aholi va hududlarni muhofazasini tashkil etish xususidagi ma’ruzalarini o‘qib eshittirdilar.

O‘tgan 2017 yilda, respublikamiz hududlarida toshqin, sel va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni takomillashtirish yuzasidan keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi.

Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tegishli vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli hududlardagi daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 135 marotaba taktik-maxsus o‘quv mashqlari o‘tkazildi. O‘quv mashqlari davomida 128.2  ming metr kub tuproq ishlari, 37.6 ming metr kub xarsang tosh ishlari, 89.9 pogon kilometrdan ortiq masofadagi magistral kanallar tozalandi.

Shuningdek, aholini xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan 142 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etildi. Respublikamizning tog‘li hududlaridagi qor zaxiralarini va baland tog‘lardagi ko‘llarning holatini baholash hamda qor ko‘chkisi va sel xavfi mavjud hududlarni aniqlash maqsadida 8 marotaba aerovizual kuzatuv ishlari amalga oshirildi.

Yig‘ilish yakunida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi:

aerovizual kuzatuvlar va joylarni o‘rganishlar yo‘li bilan 2018 yil bahor-yoz mavsumida xavfli geologik va gidrometeorologik hodisalarning monitoringini kuchaytirish;

toshqin, sel va ko‘chki xavfi mavjud hududlarda istiqomat qiluvchi xo‘jaliklar aholisini xavfsiz hududga ko‘chirish;

sel, suv toshqini, ko‘chki xavfi mavjud hududlarni muhofaza qilish maqsadida qirg‘oq mustahkamlash ishlarini olib borish;

xavfli hududlarda muhandislik va avtomobil texnikalarini jalb qilgan holda qirg‘oq mustahkamlash va o‘zan tozalash ishlarini bajarishga qaratilgan taktik-maxsus o‘quv mashqlarini o‘tkazish;

sel oqimlari va suv toshqinlari xavfi haqida tezkor axborotlarni etkazish va aholini xabardor qilish maqsadida respublika va hududiy toshqinga qarshi shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

bahor mavsumida, xavfli jarayonlarni kuzatib borish, aholini xavfli hududlarga yo‘latmaslik maqsadida, respublika bo‘yicha nazorat-kuzatuv postlarini tashkil qilish;

geologik va gidrometeorologik xavfli hududlardagi ob’ektlarga Uzgidromet va xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmatlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni bajarilishini tashkillashtirish;

toshqin, sel va ko‘chki xavfi mavjud hududlarda istiqomat qiluvchi aholi orasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini o‘tkazish, toshqin, sel va ko‘chki xavflari haqida o‘z vaqtida xabardor qilish.

Ta’kidlash joizki, 2018 yilda daryo, soylarning o‘zanlari va qig‘oqlarida, gidrotexnika inshootlarida muhandislik-texnik va boshqa himoya tadbirlarini amalga oshirish uchun Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasi qarori bilan 38 mlrd 700 mln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

 

FVV Matbuot xizmati

 


 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech