Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A. X. Qo'ldoshev boshchiligidagi qirg'oq mustahkamlash tadbirlari

Toshqinga qarshi Hukumat Komissiyasi raisi - Bosh vazir tomonidan o'tkazilgan yig'ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A. X. Qo'ldoshev, Mudofaa vazirining birinchi o'rinbosari general-mayor Sh. G'. Xalmuxamedov, Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qo'shinlari va Harbiy havo kuchlari qo'mondoni general-mayor A. J. Burxanov, Shimoliy-G'arbiy harbiy okrug qo'mondoni general-mayor F. O. Shermatov, Avtomobil yo'llari qo'mitasi  raisi birinchi o'rinbosari Sh. B. Nazarov, Suv xo'jaligi vazirligi mutaxassislaridan iborat tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyati hududidan oqib o'tuvchi Amudaryo daryosining qirg'oqlarida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan suv toshqinlari va sel oqimlari hodisalarining oldini olish maqsadida qirg'oq bo'yi mintaqalarini o'rganish, mavjud xavfli uchastkalarni aniqlash, aniqlangan taqdirda zudlik bilan u yerlarda qirg'oq mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun daryoning hududlari to'liq o'rganib chiqilib, aniqlangan xavfli uchastkalarda kechiktirib bo'lmas muhandislik-muhofaza tadbirlari tashkillashtirildi.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining suvda qutqaruv guruhlari, Mudofaa vazirligining kuch va vositalari, Tog'-kon va geologiya, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi va gaz, elektr korxonalari xodimlari ishtirokida daryoning muzlagan qismlaridagi muzlarni bartaraf etish ishlari tashkil etildi va olib borildi.

Shu bilan birga xavfli uchastkalardagi dambalarning qirg'oqlarini yemirilgan qismlarida mustahkamlash va o'zan tozalash ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Tuyamo'yin suv ombori rahbariyati bilan daryoning quyi qismida joylashgan Tuyamo'yin suv omborining kirish qismidan boshlab to chiqish qismigacha bo'lgan gidrotexnik inshootlar to'liq xatlovdan o'tkazilib, ularning imkoniyatlari, suvning kirish-chiqish hajmlari va dambalarning mustahkamligi ko'zdan kechirildi. Shundan so'ng suv omborining yuqorisida joylashgan daryoning eng eni tor qismida muzlarning mavjud yoki mavjud emasligi o'rganib chiqildi.

Olib borilgan uch kunlik amaliy harakatlar natijasida Amudaryo daryosining suv hajmlari me'yoriga tushirilib, muzlar oqibatida yuzga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida o'tkazilgan muhandislik-muhofaza tadbirlari natijasida daryoning suv sathi pasayishiga erishildi va barqaror holatga keltirildi.

Ushbu tadbirlarga FVV hamda FVDTga kiruvchi korxona va tashkilotlarning 102 ta texnikasi hamda 481 nafar shaxsiy tarkibi jalb etildi.

Eslatib o'tamiz, respublikamiz bo'ylab sel oqimlari va suv toshqinlarini oldini olish maqsadida, daryolar, soylarda qirg'oq mustahkamlash tadbirlari olib borilmoqda.

O'xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech