Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

ILMIY-AMALIY ANJUMAN

Mamlakatimizda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan va ijroga qaratilgan.
Joriy yilning 22 iyun' kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Ma'naviyat va ma'rifat” markazida Akademiya kursantlari o‘rtasida “Favqulodda vaziyatlarni oldini olishning dolzarb muammolari va amaliy yechimlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, Toshkent shahar FVB,
FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – texnogen va tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarni oldini olish, ular ro‘y berganida ilmiy-tadqiqot ishlarining ijobiy natijalarini, zamonaviy usullar va innovasion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish va ularni samarali bartaraf etish, kursantlarga zamonaviy nazariy bilim va amaliy tushunchalar berish, ularning bu sohadagi amaliy ko‘nikmalarini boyitish va mustahkamlash, bu bilan mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish kabi dolzarb masalalarni o‘rganish, tahlil etish hamda ushbu sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga javob bera oladigan ilmiy asoslangan takliflar, tavsiyalar, ilmiy ishlanmalar, ko‘nikmalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiev ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi
“2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish borasida, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlarda xabardor qilish tizimini modernizasiyalash, respublikaning turistik zonalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va tezkor bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni tizimlashtirish, respublikaning olis hududlarini professional va ko‘ngilli yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bilan qamrab olish ko‘rsatkichini yaxshilash kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilanganini alohida ta'kidladi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan aholini favqulodda vaziyatlarda xabardor qilish tizimini modernizasiyalash, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning eng xavflilaridan hisoblangan kimyoviy xavfli ob'ektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish muammolari va radiasiyaviy avariya sharoitida atom elektrostansiyalarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish vaqtida yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlariga qaratilgan masalalar, shuningdek, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlardan, yer silkinishi natijasida yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan ob'ektlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, suv toshqinlari va sel kelish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni imitasion modellashtirish, sel kelishi, qum bo‘ronlari, kuchli shamollar, qor ko‘chkisi kabi favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelishini oldindan aniqlash va aholini xabardor qilish tizimlarini takomillashtirish kabi dolzarb vazifalar borasida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga ma'ruzachilar tomonidan atroflicha javoblar berildi hamda tashkilotchilar tomonidan taklif etilgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Akademiya Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech