Namangandagi Prezident maktabida “General va yoshlar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Qosimali Ahmedov o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi.
General dastavval 21 oktabr – “O‘zbek tili bayrmi kuni” munosabati bilan maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarini tabriklab, o‘zining bosib o‘tgan hayot va xizmat yo‘lini hikoya qilish bilan birga, Vatanning aziz va muqaddasligi, uni hamisha asrab-avaylash, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar, o‘z navbatida, ulardan oqilona foydalanish va aniq ezgu maqsad sari intilish kerakligini uqtirib o‘tdi.
Tadbir davomida o‘quvchi yoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar ham samimiy va hayotiy kechdi. O‘quvchilar generalning nafaqat harbiy soha bilan chambarchas bog‘langan umr yo‘li bilan yaqindan tanishishdi, qolaversa, o‘zlarini qiziqtirgan juda ko‘plab mavzular yuzasidan ham tavsiyalar oldilar.
Uchrashuv davomida faol qatnashgan hamda mazmunli savol bergan o‘quvchilar sovg‘alarga ega bo‘lishdi. E’tiborli jihati, general har bir sovg‘ani egasiga topshirar ekan, o‘z imzosini qo‘yib, alohida-alohida qimmatli maslahatlar ham berib o‘tdi. Tadbir so‘ngida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qidiruv-qutqaruv va yong‘in-qutqaruv ishlarida foydalaniladigan asbob-anjomlar hamda maxsus texnikalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Tadbirda o‘quvchilarga ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqmasligi uchun doimo hushyor bo‘lish, texnika qoidalariga amal qilish kerakligi tushuntirildi. Shuningdek, o‘quvchilar yong‘in o‘chirish ishlarida foydalaniladigan yong‘in o‘chirish dastaklarini ham amalda ishlatib ko‘rishdi va ishlash tartibi bilan tanishishdi.
Ushbu uchrashuvlarni Namangan shahri va barcha tumanlarda reja bo‘yicha o‘tkazish rejalashtirilgan.