Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

O‘zbekiston yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasi tashkil etildi

         Joriy yilning 20 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi binosida vazirlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalar shaxsiy tarkibi hamda O‘zbekiston yong‘in o‘chirish amaliy sporti federatsiyasining raisi, rais o‘rinbosarlari va murabbiylari  ishtirokida videoselektor tarzida federatsiyaning navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

         Mazkur yig‘ilishda bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston yong‘in o‘chirish amaliy sporti federatsiyasi negizida O‘zbekiston yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

         Federatsiya raisi lavozimiga – Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T.Xudaybergenov, raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga – vazirning birinchi o‘rinbosari A.Qo‘ldoshev, rais o‘rinbosarlari lavozimiga – vazir o‘rinbosarlari K.Abdijalilov va A.Latifjonovlar hamda bosh boshqarma boshlig‘i S.Zuparov, shuningdek, Federatsiya ijrochi direktori lavozimiga Jismoniy tarbiya va sport boshlig‘i S.Islamovlarning nomzodlari yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

         Yangi tashkil etilgan Federatsiya faoliyatining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida yong‘in-qutqaruv sporti, qutqaruvchilar ko‘pkurashi, yosh qutqaruvchi sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, sport orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni sport yo‘lida birlashtirish, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida tashkil etiladigan boshqa har qanday sport turlari bo‘yicha madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tadbirlarini o‘tkazish, xalqaro sport aloqalarini kengaytirish va bu borada targ‘ibot ishlarini amalga oshirishdan iboratdir.

         Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 10 apreldagi PQ-4276-son qaroriga muvofiq mamlakatimizda yong‘in-qutqaruv sportini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar hamda infratuzilmani yaratish, ushbu sport turi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash, qutqaruvchilarning jismoniy va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yong‘in-qutqaruv sportini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 24 sentabrdagi 600-son qarori qabul qilingan.

         Shuningdek, joriy yilning 12-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida Xalqaro yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar sporti bo‘yicha XXII Xalqaro konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgan.

O'xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech