Qutqaruvchilar respublika ko‘p kurash musobaqasiga start berildi

2017 yilning 5 avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida Qutqaruvchilar respublika ko‘p kurash musobaqasiga start berildi.  

 Musobaqada Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy va tarkibiy tuzilmalari qutqaruv otryadlari qutqaruvchilari “O‘zneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati,  “Sanoatkongeotexnazorat” davlat inspeksiyasi va IIV YOXBB ning qutqaruv tuzilmalarining tajribali qutqaruvchilari o‘zaro bellashadilar.

Ko‘p kurash musobaqasi 6-10 avgust kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida o‘tkaziladi. Mazkur musobaqada jami 22 jamoa 176 nafar qutqaruvchilar ishtirok etishadi.

Mazkur musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad sharafli kasb egalarining mahorati, malaka va bilimlarini boyitish, tig‘iz vaziyatlarda to‘g‘ri, aniq va bexato qarorlar qabul qilishga o‘rgatish, qolaversa shu orqali qutqaruvchilarning o‘zaro tajriba va bilim almashishiga imkoniyatlar yaratib berish, qutqaruv ishlarining samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Musobaqaning ochilish tadbirida Favqulodda vaziyatlar vaziri polkovnik R.Djuraev ishtirok etdi. U o‘z so‘zida qutqaruvchilar respublika ko‘p kurash musobaqasining ahamiyati xususida to‘xtalib, tarkibida qutqaruv tuzilmalari mavjud bo‘lgan barcha vazirlik va idoralarning qutqaruvchilarini favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.

Bahslar bir qator bosqichlardan iborat bo‘lib, ushbu bosqichlarda qutqaruvchilar suvda qutqaruv, tog‘da qutqaruv, yo‘l-transport hodisasi oqibatlarini bartaraf etish, zilzila natijasida vayron bo‘lgan binoda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish hamda ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish yuzasidan o‘zlarining amaliy bilim-malakalarini sinovdan o‘tkazadilar. Hakamlar hay’ati jamoasi esa qatnashchilarning har bir harakatlarini odilona va haqqoniy ravishda baholab boradilar.

Musobaqa g‘oliblari 11 avgust kuni musobaqaning yopilish tadbirida taqdirlanadilar.

Musobaqaning qiziqarli tafsilotlarini bizning saytimizda kuzatib boring.