O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga bag‘ishlangan «Vatanparvarlik oyligi» doirasida joriy yilning 11 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasida «Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!» mavzusidagi «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi.
Tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika Kengashi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Sergeli tuman kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tuman kengashi, Yashnobod tuman 204-sonli umumta’lim maktabi Sergeli tumani 68-sonli, 55-sonli, 2-sonli umumta’lim maktablari hamda 322-sonli umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan «Temurbeklar harbiy sport sinfi»ning o‘quvchilari, Sergeli Politexnika, moliya kasb-hunar kolleji talabalari ishtirok etdi.
Akademiyada qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etayotgan yosh avlodni ko‘nglidan kelgusida Vatan himoyasi uchun harbiylar safida xizmat qilishdek sharafli kasbni orzu qilishga undaydigan qiziqarli chiqishlar, shuningdek, Akademiya hayoti to‘g‘risidagi videolavha namoyishi, kursantlarning ruhiy tayyorgarlik yo‘lakchasidan o‘tishi, kursantlarning qo‘l jangi sport turi bo‘yicha chiqishlari, o‘quv minorasining 4-qavatidan jabrlanganlarni qutqarish mashqlari, yong‘in-qutqaruv avtomobillarining ko‘rgazmali namoyishi, Mudofaa vazirligi Orkestrining hamda taniqli san’atkorlar tomonidan jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi va kelajakda harbiy bo‘lish hissiyoti va ushbu kasbga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi.
Bugungi yoshlarimiz uchun armiyada xizmat qilish shon-sharaf ishiga aylangan, Vatan himoyasini qalb ishi deb qabul qilish, milliy armiyamiz safidan joy egallashga intilish orzusi kuchaygan. Zero, buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur aytganidek «Kuch bilan birni, aql va mustahkam ruh bilan mingni yengish mumkin».
Bugungi kunda harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishi va intilishi ortib bormoqda. Mana shunday vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi o‘tkazilayotgan amaliy tadbirlar, o‘z navbatida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lmoqda.