Bugungi dunyoda sodir bo‘layotgan turli tabiiy va texnogen ofatlar, yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq pandemiyalar jahon mamlakatlaridan ushbu hodisalarga qarshi turishda zarur choralarni qo‘llash, aholini bunday qaltis vaziyatlarga yuqori darajada tayyorlashni talab etmoqda.
Xususan, bizning mamlakatimizda ham bu boradagi vazifalarga davlat siyosati darajasida qaralib, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasidagi tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda.
E'tirof etish kerakki, mustaqillik yillarida mamlakatimizdagi barcha sohalar qatori Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham o‘ziga xos yo‘lni yo‘lni bosib o‘tdi va bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida tizimda chuqur o‘ylangan izchil islohotlar davom ettirilmoqda.
So‘nggi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda yong‘inlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan bir qator huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirib, qisqa vaqt ichida muayyan natijalarga erishilganini alohida qayd etish joiz.
Jumladan, 2019 yilning 10 aprel' kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miramonovich Mirziyoev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning sifatli yangicha tizimini tadbiq etish to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishi islohotlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Xususan, islohotlar jarayonida Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari hamda Yong‘in xavfsizligi instituti Ichki ishlar vazirligidan, Gidrometeorologik jarayonlarga ta'sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati Mudofaa vazirligidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazilgan bo‘lsa, Gidrometeorologik xizmati markazi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi.
IVV yong‘in xavfsizligi tuzilmalari safdor va serjantlar tarkibini tayyorlash o‘quv markazi (Samarqand shahri) negizida FVV yong‘in-qutqaruvchilarini dastlabki tayyorgarlikdan o‘tkazish va malakasini oshirish markazi tashkil etilib, unga yong‘in o‘chirish va qutqaruv ishi sohasida yong‘in-qutqaruvchilarni dastlabki tayyorgarlikdan o‘tkazish va malakasini oshirish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, FVV Fuqaro muhofazasi instituti tegishli bo‘limlari va IIV yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar markazi negizida FVV Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Islohotlar davrida ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda respublikamiz aholisini va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan mutlaqo yangi, yaxlit bir tizim joriy etildi.
Xususan, tashkiliy tuzilmalar tubdan takomillashtirildi. Yong‘in o‘chirish qismlari bazasida yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tashkil qilindi. Mamlakatimizning barcha shahar va tumanlari favqulodda vaziyatlar bo‘limlari bilan qamrab olindi. Bu esa hozirda joylarda favqulodda vaziyatlarni o‘z vaqtida, tezkor va samarali bartaraf etishda o‘ziga xos omillardan bo‘lmoqda.
Faoliyatimizda nafaqat favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf qilish, balki ularning oldini olish, profilaktika ishlari ham muhim vazifalardan sanaladi. Shuning uchun ham tizimda Yong‘in nazorati va profilaktikasi bo‘limlari joriy etildi. Yong‘inlarning barvaqt oldini olish maqsadida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarida hamda aholining barcha qatlamlari bilan profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi uch yilda yong‘inlar soni 1 016 taga yoki 8 foizga, yong‘inlarda fuqarolarni halok bo‘lish holatlari 54 nafarga yoki 33 foizga, tan jarohati olish holatlari
113 nafarga yoki 28 foizga kamaydi.
Sir emaski, har qanday sohaning taraqqiyoti va samaradorligi, albatta, malakali kadrlar, yuqori salohiyatli mutaxassislarga bog‘liq. Shundan kelib chiqqan holda, malakali kadrlarni tayyorlash va ilmiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha yagona tizimni yaratish maqsadida Yong‘in xavfsizligi instituti, Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi hamda Fuqaro muhofazasi instituti negizida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi shakllantirildi.
Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti bugungi kunda davlat ijro organlari, hokimliklar va mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, barcha yirik korxona va kompaniyalarning rahbarlari, ya'ni fuqaro muhofazasi boshliqlarining malakasini oshirish borasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Akademiya huzuridagi Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida esa vazirlikning barcha bo‘g‘inidagi ofiser va serjantlar hamda qutqaruvchilarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash va boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishi belgilangan.
Jumladan, Markazning shtat birliklari qaytadan ishlab chiqilib, Kasbiy tayyorgarlik sikli – Maxsus fanlar sikliga, Ijtimoiy gumanitar fanlar, jangovar va jismoniy tayyorgarlik sikli – Jismoniy va qutqaruv tayyorgarlik sikliga, Texnik fanlar sikli – Yong‘in va maxsus texnika sikliga aylantirildi.
Markazda vazirlikn yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining 19 ta toifasi bo‘yicha harbiy xizmatchi va qutqaruvchilari boshlang‘ich va malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tkazilmoqda. Masalan, markazda 20 ta fandan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birgina Boshlang‘ich kurs tayyorgarligi 8 hafta mobaynida – 288 soatni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Markaz tomonidan vazirlikning hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalari uchun “Qutqaruvchilarni yakka tartibdagi boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tkazish”, “Yuqori qavatli binolarda yong‘in o‘chirish”, “Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatiga doir normativ – huquqiy xujjatlar to‘plami” va “Saf tayyorgarligi” kabi o‘quv qo‘llanmalari tayyorlangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir qator buyruqnoma va ko‘rsatmalariga binoan markazda 2020 yil davomida jami 1561 nafar (2019 yilda 1268 nafar) vazirlik hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarining harbiy xizmatchi va qutqaruvchilari boshlang‘ich va malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tkazildi. Shundan 231 nafari boshlang‘ich tayyorgarlikdan, 1330 nafari malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, markazning moddiy-texnik ta'minoti, yong‘in texnikasi vositalari, asbob-anjomlari, bino va inshootlardan to‘g‘ri foydalanishni tashkil etish, shaxsiy tarkibning xizmat o‘tashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash ishlari ham davom ettirilmoqda.
Shuningdek, yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida, yuksak intellektual salohiyatga ega, davlatimiz manfaatlarini fidokorona himoya qilishga tayyor bo‘lgan har tomonlama kamol topgan, jismonan sog‘lom
va ma'naviy yetuk etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik liseyi tashkil etildi va ushbu dargohda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni yuqori saviyada tashkillashtirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yo‘nalishida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. So‘nggi uch yilda yong‘in va avariya-qutqaruv texnikalari va jihozlarini sotib olish uchun davlat byudjetidan 245,9 milliard so‘m ajratildi. Bu ko‘rsatkich oxirgi 2006-2016 yillarda davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘dan
(23,2 milliard so‘m) o‘n bir baravar ko‘p. Shunga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda qiladigan yumushlar yetarli.
Shu bilan birgalikda, 2017-2020 yillarda 35 ta yong‘in-qutqaruv qismlari uchun yangi binolar qurilib, bu ishlarga davlat byudjetidan
151 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘z navbatida, 2001-2016 yillarda 14 ta yong‘in-qutqaruv kismlari uchun yangi binolar qurilib, buning uchun byudjet mablag‘laridan 35 milliard so‘m ajratilgan.
Oxirgi turt yilda o‘tgan davrga nisbatan 116 milliard so‘m,
ya'ni 4,5 baravar ko‘p mablag‘lar ajratilgan.
Olib borilayotgan islohotlarning nechog‘lik dolzarbligini, joriy yil boshidan pandemiya oqibatlarining yurtimizga salbiy ta'sirini kamaytirishda hamda Sardoba suv ombori bilan bog‘liq yirik favqulodda vaziyatlarda aholini va hududlarni muhofaza qilishda amalga oshirilgan kompleks tadbirlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy ob'ektlar, bozorlar, ko‘chalar, avtotransport vositalarni dezinfeksiya qilish tadbirlarida yong‘in-qutqaruv qismlari kuch va vositalarining ishtirokini alohida qayd etish lozim.
Sardoba suv ombori bilan bog‘liq favqulodda vaziyatda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya va mahalliy hokimiyat kuch-vositalari bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarining 89 mingdan ortiq aholisini uyushqoqlik bilan xavfsiz hududlarga, eng muhimi, talafotsiz evakuasiya qilishga erishilgani, suv bosgan aholi xonadonlarini suv va loyqalardan tozalash ishlarining o‘z vaqti amalga oshirilgani – bu albatta tahsinga loyiq ishlardir.
Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining 209 nafar shaxsiy tarkibi,
61 ta yong‘in-qutqaruv va qurilish-muhandislik texnikalari ikki oydan ortiq vaqt davomida Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati hududiga transchegaraviy favqulodda vaziyat oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish (suv tortish, yo‘llarni tiklash, qurilish mahsulotlarini yetkazish, talafot ko‘rgan binolarni tiklash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini qayta ekish va boshqa) ishlarga jalb etilib, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Tajribalardan kelib chiqib, aytish mumkinki, favqulodda vaziyatlarning oldini olishdagi eng samarador usullardan biri bu – aholini favqulodda vaziyatlar xavfidan o‘z vaqtida ogoh etish, xabardorligini ta'minlash. Negaki, aniq, ishonchli xabarni olgan insongina to‘g‘ri va xotirjam harakat qila oladi. Favqulodda vaziyatlardan omon chiqishning yagona yo‘li shu.
Bundan kelib chiqqan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligining 2007 yildagi tasdiqlangan qaroriga asosan, favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda mobil' aloqa operatorlari tizimlari orqali aholiga xabar berish va ma'lumot yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur qarorga asosan, favqulodda vaziyat xavfi haqida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga xabar berish respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi mobil' aloqa operatorlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan qisqa matnli xabarlarni (SMS) yuborish orqali amalga oshiriladi. Mazkur (SMS) xizmat turi mutlaqo bepul bo‘lib, barcha xarajatlar respublika hududida faoliyat ko‘rsatuvchi mobil' aloqa operatorlari hisobidan qoplanadi.
Albatta, ushbu tajriba horij davlatlarida ham keng qo‘llaniladi. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa Ittifoqi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Osiyo davlatlarida aholiga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida qisqa matnli xabarlarni (SMS) mobil' aloqa operatorlari tomonidan yuborish hozirgi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Favqulodda vaziyat xavfi yuzaga kelganda, aholiga qisqa matnli xabarlarni (SMS) yuborishning qulaylik tomonlari haqida to‘xtaladigan
bo‘lsak, eng avvalo, fuqarolarning xavfsizligi birinchi navbatda turishini aytib o‘tishimiz joiz.
Aytaylik, oilaviy dam olish maqsadida respublikamizning tog‘li hududlariga borishni rejalashtirgan fuqarolar uchun qor ko‘chish xavfi ehtimoli borligi to‘g‘risidagi SMS xabarga rioya qilish turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, shamolning kuchayishi, sel kelishi va shu kabi boshqa ogohlantiruvchi SMS xabarlarini aholiga yuborish, avvalo, inson hayoti, sog‘ligi, mol-mulkini asrash hamda iqtisodiyot ob'ektlarining barqaror ishlashini ta'minlashda oldindan ko‘riladigan choralarning samaradorligini oshiradi.
O‘z o‘rnida, fuqarolarimizdan ushbu SMS xabarlarni to‘g‘ri tushunib, qabul qilishlari, o‘z xavfsizliklarini ta'minlash uchun harakat qilishlari, doimiy ravishda ehtiyot choralarini ko‘rishlari talab etiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari bundan keyin ham har lahza, har soniya el xizmatiga kamarbasta bo‘lib, yurtimiz aholisi va hududlarini muhofaza qilish, vatanparvar avlodni tarbiyalash, yurt obodligi hamda xalq xotirjamligini ta'minlash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladilar.
Asosiy maqsadimiz – Favqulodda vaziyatlar vazirligini zamonaviy, tabiiy va texnogen xavf hamda tahdidlarga munosib javob ko‘rsata oladigan yangi takomillashgan tizimga aylantirishdan iborat. Bu borada bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan tashkiliy tadbirlar tizimli ravishda davom ettiriladi, albatta.
Bahodir VALIEV,
vazir maslahatchisi.
Azamat SUYuNOV,
jurnalist