FVV ogohlantiradi:
8 yanvar kuni ob-havo о'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat kechasi 7-12*S sovuq, kunduzi 2-7*S sovuq bo'ladi. Qor ko'chkisi havfo mavjoud.

“Baraka toping!” – sof o‘zbekona tilak

     Xalqimizda “Baraka topgur!”, “Barakasini bersin”, “Baraka toping!”-degan ezgu tilak-duo kalimalari bor. Bu istak sof o‘zbekona, o‘zbegimning ezgu duolarining yorqin namunasi, albatta.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi xaloskorlari el-yurtimiz tinchligi, xalqimiz xotirjamligi yo‘lida kunni kun, tunni tun demay xizmat olib boradilar.

    Ular goh alanga ichiga kirib, insonlarni yong‘inlardan asrab qolsalar, goh suv toshqini, zilzila va boshqa tabiiy ofatlardan himoya qiladilar, ofat changalidan xalos qiladilar. Ular o‘z jonlarini xatarga qo‘yib, kimningdir hayotini qutqarib qolarkanlar, bu dunyoda o‘zlarini eng baxtli inson deya his etadilar. 

    Tasavvur qiling: bir ona bolasining yolg‘iz uyda qulflanib qolganidan xavotirga tushib, xaloskorlarni yordamga chaqiradi. Yoki kimdir suvga tushib ketgan jigarbandining hayotidan xavfga tushganda, qutqaruvchilar ularning qoshiga najot farishtasi yanglig‘ yetib keladilar. Hayotlarini garovga qo‘yib, jabrdiyda insonni xavfdan xalos etadilar...

    Bilasizmi, qutqaruvchilar bu damlarda qanday ezgu so‘z-tilakni eshitadilar. Siz “Rahmat!”-deya aytilguvchi minnatdorlik so‘zini o‘ylayapsiz hozir. To‘g‘ri, ammo undan ham ta'sirlisi, zalvorlisi, biroq naqadar samimiy, sodda bir tilak bor. Bu: “Baraka toping!”-deya aytilguvchi duodir...

    Bu so‘z dilbandining hayotga qaytganidan shodon, ko‘zlari shukrona yoshiga jiqqa to‘lgan, xaloskorlar matonati-yu jasoratidan hayratlangan ko‘yi toshday qotgan mushtipar onaning yurak-yuragidan otilib chiqqan sof o‘zbekona duosidir. Bu duoning yanada butun, ya'ni: “Ilohim umringizdan baraka toping!”-deya aytilguvchi ifodasi ham bor.

    – Shu so‘zni eshitgan zahoti o‘zimizda yangi bir kuch, qudratni his qilamiz,-deydi fidoyi xaloskorlardan biri.- Bu so‘zlar bizga go‘yoki “Sen dunyodagi eng kuchli, eng baxtli, odamlarga eng kerakli insonsan!”-deyayotganday bo‘ladi. Nima uchun yashayotganingni anglaysan va tanlagan kasbing bilan beixtiyor faxrlanasan...

    Chindan shunday. Ko‘rdingizmi, bizning o‘zbekona so‘zlarimiz, duolarimiz insonlarga qanchalar kuch-matonat, shijoat bag‘ishlaydi. Shubhasizki, bu ona xalqimizning buyukligi, ona tilimizning nafosati-yu suyukligidan, albatta. Shunday ekan, ona tilimizni avaylaylik, sevaylik, qadrlaylik, uning go‘zalligini, tarovati-yu o‘ziga xosligini dunyolarga tarannum qilaylik, aziz yurtdoshlar!

 

                   Bahodir Valiyev,

                   Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech