Joriy yilning 9 oktabr kuni soat 01:43larda Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor navbatchilik qismiga Termiz shahar Farovon massivida istiqomat qiluvchi Y.S.dan murojaat kelib tushadi. Unga ko‘ra, fuqaro xonadonining eshigi ichkaridan qulflanib qolganligi va ikki nafar yosh bolalar yolg‘iz qolib ketganligi bois, yordam so‘rab murojaat qiladi.
Shundan so‘ng leytenant N.Islamov boshchiligidagi navbatchi guruh zudlik bilan voqea joyiga yetib borishadi. Qutqaruvchilarning samarali xatti-harakatlari natijasida uy eshigi ochib berilib, fuqaroning 8 yoshli E.N. va uning ukasi 5 yoshli E.M. ota onasiga sog‘-salomat topshirildi.
Bu orqali yana bir bor yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz voqeaning oldini olishga erishildi. Ko‘rsatilgan yordam uchun murojaat etgan fuqaro vazirlik rahbariyati va qutqaruvchilarga o‘z minnatdorligini bildirdilar.