Korrupsiya – jamiyat kushandasi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan jiddiy choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat FVB boshlig‘i, Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari hamda boshqarma shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari, harbiy xizmatchilar, xizmatchilar ishtirok etdi.
Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad – soha xodimlarining huquqiy madaniyatini yanada oshirish, yosh harbiy xizmatchilarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam pozitsiyani shakllantirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsiogen holatlarga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish hamda xizmat davomida tartib-intizomga qat’iy rioya qilishdan iborat.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytiradi, davlatning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, qolaversa jamiyatdagi ma’naviy muhitni buzilishiga olib keladi. Mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlarida ustuvor vazifaga aylanganligini, bu vazifa har bir davlat xizmatchisining burchi ekanligi to‘g‘risida keng fikr-mulohazalarni bildirishdi.