Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Buloqboshi tumani hududidagi dalalardan birida gaz yonayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan edi.
Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganda, Buloqboshi tumani “Chaqar” MFY hududidagi dala maydonida 7 oy oldin yangi neft qudug‘i topilgani ma'lum bo‘ldi. Hozirgi kunga kelib, ushbu quduqdan neft olib bo‘lingan va u yerda tegishli xizmatlarning nazorati ostida reja asosida sinov jarayonlari olib borilmoqda. Xususan, mazkur jarayonda yerosti qudug‘idan chiqayotgan turli chiqindilar, suv aralash gaz miqdori tekshirilib, sof tabiiy gaz olish ishlari davom etmoqda.
Ma'lumot uchun, ushbu gaz qudug‘i dalada, aholi yashash punktidan 3 km. uzoqlikda joylashgan.
Holat tegishli idoralar tomonidan to‘liq nazoratga olingan.