FVV ogohlantiradi:
24 sentyabr kuni ob-havo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Havo harorati 22-27*S iliq bo'ladi.

Diqqat tanlov!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida Respublika tanlovini eʼlon qiladi.

Tanlovning asosiy maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, yana muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.

Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar aholi hamda yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyati, yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, yosh avlodda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur hissini shakllantirish, ular qalbida umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtiromni tarbiyalashga, Shuningdek, ijodiy ishlarda chet ellardagi vatandoshlarimiz va o‘zbek tilini sevuvchi xorijliklarning o‘zbek tiliga muhabbati va eʼtiborini namoyish etish, o‘zbek tilining amaldagi xalqaro mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.

O‘zbek tilining amaldagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga keng jamoatchilikning ijodiy yondashuvini rivojlantirish; taʼlim muassasalari, davlat idoralari, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq orasida keng ommalashtirish uchun o‘zbek tili va adabiyotiga doir ijodiy ishlar jamlanmasini yaratish; iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targ‘ib qiluvchi ijod namunalarini rag‘batlantirish va ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadlaridir.

TАNLOV quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:

1. Eng yaxshi badiiy asar (sheʼriy asar – 30 misragacha; nasriy hikoya – hajmi 3600 bosma belgigacha).

2. Eng yaxshi publitsistik maqola (ocherk, lavha – hajmi 5400 bosma belgigacha).

3. O‘zbek tilining xorijdagi eng yaxshi targ‘iboti (o‘zbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar).

4. Eng yaxshi ijtimoiy roliklar (audio, videorolikning davomiyligi 3 daqiqagacha).

Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.

Eng namunali, g‘oyaviy-badiiy pishiq ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etiladi.

Ijodiy ishlar shu yilning 20-sentyabriga qadar “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” sarlavhasi ostida info-til@gov.uz elektron pochtasi yoki @Til_tanlovbot telegram manzili orqali onlayn qabul qilinadi.

Tanlov yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlarni info-til@gov.uz, www.manaviyat.uz saytlari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tanlov bo‘yicha masʼul xodimlari Muhtarama Ulug‘ova (99 847-69-41), Dilmurod Do‘stbekov (97 752-33-99) bilan telefon orqali bog‘lanib olishingiz mumkin.


Oʼzbek tilini targʼib qiluvchi ijodiy izlanishlarni ragʼbatlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Qadring baland boʼlsin, ona tilim” tanlovini tashkil etish va oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida

NIZOM

1. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom millatidan qatʼiy nazar Oʼzbekistonda yashovchi fuqarolar hamda yaqin va uzoq xorijda yashovchi oʼzbek diasporasi, xorijdagi “Oʼzbek tili doʼstlari” klublari aʼzolari, shuningdek, barcha oʼzbek tilini oʼrganuvchilar oʼrtasida “Qadring baland boʼlsin, ona tilim” ijodiy ishlar tanlovini (bundan keyingi oʼrinlarda Tanlov deb yuritiladi) oʼtkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi

Oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-5850-son Farmoni, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʼzbek tilini rivojlantirish jamgʼarmasining faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida”gi 73-son qarorida belgilangan vazifalar hamda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 2019 yil 12 dekabrda tasdiqlangan 30/1-3848-sonli chora-tadbirlar dasturi 46-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.

3. Tanlov Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʼzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Oʼzbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi va oʼtkaziladi.

4. Tanlov gʼoliblarini saralash tashkilotchilar tomonidan shakllantirilgan Tashkiliy qoʼmita aʼzolari ishtirokida amalga oshiriladi.

5. Tanlov gʼoliblarini taqdirlash, tashkiliy chora-tadbirlarini moliyalashtirish bilan bogʼliq barcha masalalar Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʼzbek tilini rivojlantirish jamgʼarmasi hisobidan amalga oshiriladi. Tanlovga doir chora-tadbirlarning umumiy ijrosi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

6. Tanlovning rasmiy sayti: www.til.gov.uz

2. Tanlovning maqsad va vazifalari

7. Tanlovning asosiy maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:

– oʼzbek tilini rivojlantirish boʼyicha tashabbuslarni, jumladan, oʼzbek tilini rivojlantirish maqsadida ijodiy ishlar, tayyorlash ishlarini qoʼllab-quvvatlash;

– Oʼzbekistonda davlat tilini keng targʼib etish va oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish;

– mamlakatda davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga, adabiy til meʼyorlariga rioya etilishini taʼminlash;

 oʼzbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlash;

- xorijdagi vatandoshlarimiz va oʼzbek tilini sevuvchi xorijliklarga oʼzbek tiliga muhabbati va eʼtiborini namoyish qilish, targʼib etish imkoniyatini yaratish;

– aholi hamda yoshlarning dunyoqarashi, soʼz boyligini kengaytirish, vatanparvarligi, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligini oshirish, kitobxonlik madaniyati, savodxonligini takomillashtirish;

– badiiy asarlar (nazm, nasr), publitsistika, oʼzbek tilining xorijdagi targʼiboti, ijtimoiy videoroliklar yordamida oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini oshirish salohiyati toʼgʼrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish;

– keng jamoatchilikda vatanparvarlik, maʼnaviy-adabiy merosga, ona tili tarixiga qiziqish va hurmatni uygʼotish, uni milliy qadriyat sifatida asrab-avaylashga oʼrgatish;

– yosh avlodda ona tiliga nisbatan milliy gʼurur hissini, ularda umuminsoniy qadriyatlarga boʼlgan hurmat tuygʼusini tarbiyalash;

– oʼzbek tilining amaldagi xalqaro mavqeini mustahkamlash, shuningdek, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirish;

– taʼlim muassasalari, davlat idoralarida, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq orasida keng ommalashtirish maqsadida oʼzbek tili va adabiyotiga doir ijodiy ishlar jamlanmasini yaratish;

– kishilarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targʼib qiluvchi ijodiy ishlarini ragʼbatlantirish va ommalashtirish.

3. Tanlovni oʼtkazish muddati va bosqichlari

8. Tanlov quyidagi bosqichlarda oʼtkaziladi:

– ijodiy ishlarni qabul qilish – 2020 yilning 15 iyulidan 20 sentyabrigacha;

– ijodiy ishlarga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oʼrtasida onlayn ovoz – berish 2020 yilning 20 sentyabridan 1 oktyabrigacha;

– ijodiy ishlarni koʼrib chiqish va baholash – 2020 yilning 2 oktyabridan 10 oktyabrigacha;

– gʼoliblarni taqdirlash – 2020 yilning 11 oktyabrigacha.

4. Tanlovda ishtirok etish tartibi

9. Tanlovda yoshidan va millatidan qatʼiy nazar Oʼzbekistonda yashovchi fuqarolar hamda yaqin va uzoq xorijda yashovchi oʼzbek diasporasi, xorijdagi “Oʼzbek tili doʼstlari” klublari aʼzolari, shuningdek, barcha oʼzbek tilini oʼrganuvchilar, shuningdek, videomahsulotlar yaratish bilan shugʼullanuvchi barcha shaxslar ishtirok etishlari mumkin.

10. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ish yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda bajarilgan boʼlishi mumkin.

11. Ishtirokchilar (ishtirokchilar jamoasi)ning taqdim etishi mumkin boʼlgan ijodiy ishlari miqdori cheklanmagan.

5. Tanlov yoʼnalishlari

12. Tanlovga quyidagi yoʼnalishlar boʼyicha ijodiy ishlar qabul qilinadi:

Badiiy asarlar:

- sheʼriy asarlar (hajmi 30 misragacha);

– nasriy asarlar (kichik hikoya, hajmi 3600 bosma belgigacha);

– publitsistika (maqola, ocherk, lavha, hajmi 5400 bosma belgigacha);

- oʼzbek tilining xorijdagi targʼiboti (oʼzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan xorijda oʼzbek tilini ilmiy, badiiy, musiqiy, audio, video mahsulotlar yaratish orqali targʼib qilishga qaratilgan);

– Ijtimoiy videoroliklar tanlovi ikki yoʼnalishga koʼra amalga oshiriladi:

– havaskor videotasvir (bunda qatnashuvchi yetarlicha tasvir zichligiga ega boʼlgan har qanday qurilma yordamida tasvirga olingan videolavha bilan qatnasha oladi.

– professional videotasvir (professional videomahsulot yaratishga ixtisoslashgan yakka kishilar yoki ijodiy jamoalar tomonidan yaratilgan videomahsulotlar.

13. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar quyidagi mavzu yoʼnalishlarida boʼlishi tavsiya etiladi:

– oʼzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi (arxiv maʼlumotlari majmui), davlat tilining amal qilinishining tarixiy bosqichlari;

– mustaqillik yillarida davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoring holati, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini bunyod etishga qaratilgan shart-sharoitlar;

– mamlakatimizdagi tarixiy joylar, qadimiy shaharlar, tarixiy-meʼmoriy yodgorliklar, meʼmoriy majmualar, obidalarning nomlarini tarixiy va ilmiy asoslar bilan sharhlash;

– mamlakatimizda ilmiy asoslangan yangi soʼz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʼzbekona muqobillarini yaratish borasidagi faoliyatni yoritish;

– davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʼllab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyish boʼyicha amalga oshirilgan ishlarni aks ettirish;

– oʼzbek tilining rivojlanishi va oʼzbek tili qoidalarining nazariyasini yaratishga hissa qoʼshgan oʼzbek adabiyoti durdonalari va ularning mualliflari ijodini tarannum etuvchi materiallar yaratish;

– oʼzbek tilining xalqaro mavqeini mustahkamlashni targʼib etish, shuningdek, xalq ommasida davlat tiliga nisbatan milliy gʼurur hissini tarbiyalashga qaratilgan ishlar jarayoniga eʼtibor qaratish;

– yoshlar ongu shuuriga ona tiliga nisbatan ehtirom tuygʼusini singdiruvchi taʼsirli voqealarni tasvirlash;

– erkin mavzu tanlansa-da oʼzbek tiliga muhabbatni tarannum etuvchi zalvorli xulosani berish.

6. Tanlovga ijodiy ishlarni taqdim etish tartibi va

baholash mezonlari

14. Tanlov uchun ijodiy ishlar elektron shaklda taqdim etiladi va www.til.gov.uz saytiga joylashtiriladi.

15. Tanlov ishtirokchisi oʼz ijodiy ishiga sharh sifatida ijodiy ishning bosh gʼoyasini tushuntiruvchi (boʼshliqlar bilan hisoblaganda) 300 bosma belgidan oshmaydigan matn yozib qoldirishi mumkin.

16. Tanlovga belgilangan mavzu va yoʼnalishlarga mos keladigan badiiy – nazmiy, nasriy asarlar, publitsistik maqolalar, oʼzbek tilining xorijdagi targʼiboti (oʼzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan xorijda oʼzbek tilini badiiy, musiqiy, audio, video mahsulotlar yaratish orqali targʼib qilishga qaratilgan) va videoroliklar taqdim etilishi mumkin.

17. Taqdim etilgan ijodiy ish yoki dasturiy mahsulot saytga joylashtirilgandan keyin ishtirokchi info@til.gov.uz elektron pochta manziliga:

– saytga joylashtirilgan ijodiy ishiga havola;

– tanlov ishtirokchisining anketasi;

– hajmi 300 dp dan kichik boʼlmagan portretli fotosuratini yuborishi lozim.

18. Elektron shaklda taqdim etilmagan ijodiy ishlar tanlovda ishtirok etmaydi.

19. Ijodiy ishlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

– Gʼoyaning originalligi va dolzarbligi. Ijodiy ish tanlov talablariga javob berishi hamda unda aks ettirilgan voqea-hodisaning ahamiyati toʼliq ochib berilishi kerak;

– Mavzuga mosligi. Ijodiy ish tanlov mavzusiga hamda tanlov oldiga qoʼyilgan maqsad va vazifalarga mos kelishi kerak;

– Gʼoyaning yangiligi va antiqaligi. Ijodiy ish syujeti original boʼlib, avval yaratilgan boshqa ijodiy ishlarning syujet va gʼoyasini takrorlamasligi kerak.

– Videoroliklarni baholash jarayonida musiqali fon, videoeffektlardan foydalanilganligi, tomoshabinda tuygʼu va tasavvur uygʼota olishi, kreativlik, ishning uslubiy jihatdan oʼziga xosligi, badiiy va texnik darajasi, efirga uzatish imkoniyati ham inobatga olinadi.

20. Videoroliklarga qoʼyiladigan talablar:

– videorolik formati – erkin (MPEG, DV, AVI, MOV, DVD, HD, FLV, MKV).

– videorolikning minimal hajmi – ekran kengligi 16:9, tasvir zichligi 1280x720 (HD) yoki 1920x1080 (Full HD), bitreyt 1000 kbit/s.

– videorolikning maksimal davomiyligi – 3 daqiqa.

21. Videorolik tasvirida muallifning bevosita ishtiroki shart emas.

22. Videorolikni suratga olish va montaj jarayonida maxsus dastur va uskunalardan foydalanish ishtirokchi (ijodiy ish muallifi)ning ixtiyoriga havola etiladi.

23. Videorolik janri (reportaj, videoklip, animatsion syujet va boshqalar)ni ishtirokchining oʼzi belgilaydi.

24. Videorolikda mavzuga oid fotosuratlardan foydalanish mumkin.

25. Tanlov ishtirokchisi ijodiy ish(lar)ini istalgan videoxostingda joylashtirib, ishtirokchi anketasini toʼldirishlari yoki “Qadring baland boʼlsin, ona tilim” tanloviga” qaydi bilan oʼz ism-sharifi, yoshi, telefon raqami va manzili haqidagi maʼlumotlarni tanlovning elektron pochta manziliga yuborishi mumkin.

26. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar oldindan koʼrib chiqilgach, materiallar www.til.gov.uz saytiga joylashtiriladi.

27. Ijodiy ishlar tanlov mavzusiga mos kelmasa, badiiy-estetik saviyasi past boʼlsa yoki ularni yaratishda texnik talablar buzilgan taqdirda tanlovga qoʼyilmasligi mumkin.

28. Tanlovga reklama, gʼayriaxloqiy, shuningdek, boshqa insonlar (xalqlar)ning urf-odatlari, anʼanalarini kamsituvchi, siyosiy beqarorlikka undovchi va diniy ekstremistik ruhdagi ishlar qabul qilinmaydi.

7. Mualliflik huquqlari

29. Tanlovda ishtirok etayotgan ijodiy ishlarda mualliflik huquqlari buzilganida ishni tanlovga taqdim etgan muallif (mualliflar jamoasi) javobgar hisoblanadi.

30. Ijodiy ishni tanlovga taqdim etish bilan muallif (mualliflar jamoasi) tashkilotchilarga mazkur ishdan foydalanish (internet tarmogʼi, teledasturlarda joylashtirish va boshqa) huquqini topshiradi.

31. Ijodiy ishda boshqa ishtirokchi yoki mualliflarning har qanday ijodiy ishlaridan (nazmiy, nasriy va publitsistik asarlardan, shu jumladan, video, reklama roliklari, kinematografik asarlari)dan nusxa olishga yoʼl qoʼyilmaydi.

32. Tanlov ishtirokchisi taqdim etilgan ijodiy ish(lar)ning muallifi ekanligini, ularning ijodiy ishida boshqa shaxslarning intellektual mulkka boʼlgan huquqini buzilmaganligini kafolatlaydi. Mazkur talab buzilgan taqdirda, ishtirokchi tashkilotchilarga yetkazilgan barcha zarar hamda tashkilotchilarning oʼz huquqlarini himoya qilishi uchun sarflangan xarajatlarini qoplash majburiyatini oʼz zimmasiga oladi.

33. Tanlov ishtirokchisi saytda roʼyxatdan oʼtib, oʼz ijodiy ishini joylashtirish bilan ushbu ijodiy ishi baholash jarayonida oshkora namoyish etilishi va muhokama qilinishiga oʼz roziligini bildiradi.

34. Tanlov ishtirokchilarining ijodiy ishlariga munosabat bildirilmaydi va qaytarilmaydi.

35. Tanlovda tegishli oʼrin olmagan ishlardan kelgusida mualliflar oʼz xohishiga koʼra foydalanishlari mumkin.

36. Ijodiy ishni tanlovga taqdim etish orqali ishtirokchi ushbu Nizomning barcha bandlariga oʼz roziligini bildiradi.

8. Tanlov gʼoliblarini aniqlash va ragʼbatlantirish

37. Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar tegishli nominatsiya boʼyicha ikki (havaskor va professional) yoʼnalishda quyidagi tartibda aniqlanadi:

– ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oʼrtasida onlayn ovoz berish orqali eng koʼp ovoz toʼplagan ishtirokchilar orasidan uchta oʼrin (1-, 2-, 3-oʼrinlar) aniqlanadi.

– ekspertlar kengashida ovozga qoʼyish yoʼli bilan eng koʼp ovoz toʼplagan ishlar mualliflari orasidan uchta oʼrin (1-, 2-, 3-oʼrinlar) aniqlanadi.

38. Tanlov natijalari va gʼoliblarning roʼyxati tantanali taqdirlash onlayn oʼtkaziladi hamda tanlovning rasmiy sayti hamda axborot hamkorlari hisoblangan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

39. Tanlov gʼoliblari tashkilotchilarning maxsus sovgʼalari bilan taqdirlanadi.

9. Yakuniy qoidalar

40. Tanlov tashkilotchilari, hamkorlari va homiylar gʼoliblarni ragʼbatlantirishning boshqa shakl va usullarini belgilashlari mumkin.

41. Tanlov natijalari www.til.gov.uz saytida eʼlon qilinadi.

 
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech