Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

FAVQULODDA VAZIYALARNING OLDINI OLISH: “OHANGARON TUMAN TAJRIBASI” AMALDA

Avval xabar berganimizdek, respublikamizda 15 noyabrdan 15 dekabrga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” deb e'lon qilingan. Ayni damda mazkur oylik doirasida respublikamizning barcha mahallalarida, korxona va tashkilotlarda, aholi yashash xonadonlarida profilaktik-targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Ohangaron tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, yong‘in xavfsizligi, is gazidan zaharlanish, botulizm kasalligi hamda boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirishlar olib borildi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Yoshlar markazi” binosida Ohangaron tumani hokimi – fuqaro muhofazasi boshlig‘i Abdurasul Abdullaev raisligida qish mavsumini betalofat o‘tkazish hamda mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat FVB boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Abramatov, tuman FV bo‘limi boshlig‘i Azamat Mamajonov hamda tegishli mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda aholi orasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasidagi profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish o‘ta zarur ekanligi ta'kidlandi.

E'tiborli jihati shundaki, Toshkent viloyatida birinchi bo‘lib Ohangaron tumanida aholi xonadonlaridagi dudburonlarni tozalash bo‘yicha yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni, har bir mahallada dudburon tozalashga mas'ul bo‘lgan xodim shartnoma asosida mahalla fuqarolar yig‘iniga ishga qabul qilinadi. Ushbu xodim o‘z mahallasida xonadonma-xonadon yurib, dudburonlarni tozalash bilan shug‘ullanadi. Ushbu xizmat pullik bo‘lib, o‘rtacha hisobda har bir xonadon uchun 12-15 ming so‘mni tashkil etadi. Mahalla fuqarolar yig‘inining hisob raqamiga kelib tushgan ushbu mablag‘ hisobidan xizmat ko‘rsatgan xodimga oylik maosh ajratiladi.
Ushbu tizimning afzalligi shundaki, aholi ovora bo‘lib, dudburon tozalashga ixtisoslashgan turli xususiy korxonalarga murojaat etib yurmaydi. Qolaversa, xizmat ko‘rsatish narxi arzon.

Bundan tashqari, dudburonlar tozalanganligi to‘g‘risida alohida reestr yuritilib, qat'iy nazorat o‘rnatiladi. Ushbu tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish natijasida, shubhasiz, is gazidan zaharlanish, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan ishlarning samaradorligi yanada ortadi.

Tadbir yakunida har bir mahallaga tuman hokimligi tomonidan xorijdan keltirilgan zamonaviy dudburon tozalovchi uskunalar topshirildi.
Mazkur asbobning qanday ishlatilishi bo‘yicha dastlabki yo‘riqnoma berildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech