Hurmatli generallar!
Ofitser va serjantlar, xizmatchi xodimlar!
Siz azizlarni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni umumxalq ayyomi munosabati bilan qizg‘in muborakbod etamiz.
Bugun ushbu ayyom shukuhi butun mamlakatimiz bo‘ylab kezib yuribdi, joylarda mazkur bayramga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki kayfiyatda davom ettirilmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi barchamizni birdek mamnun etdi, albatta. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Ushbu qutlug‘ sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz”.
Barchamizga ayonki, Yangi O‘zbekiston davrida davlatimiz rahbariyati tashabbusi bilan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish bo‘yicha tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari e’lon qilinib, mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish, vazirlik va idoralarda davlat tilida ish yuritishni ta’minlash, davlat xizmatchilarining ushbu sohadagi bilim-malakalarini oshirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqеiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishga erishish yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirilib, joylarda rahbarlarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyat yuritib kelmoqdalar. Bugungi kunda ularning tashabbuslari bilan davlat tiliga oid islohotlar tizimga izchil tatbiq qilib borilmoqda.
Qadrli hamkasblar!
Ulug‘ mutafakkir va shoir, so‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy bobomiz tilga e’tiborni elga e’tibor, deya baholaganlar. Shunday ekan, mamlakatimiz rahbarining bayram tabrigida o‘zbеk tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida bеlgilab bеrilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish bugungi davrning muhim talabi bo‘lib qolavеradi.
Unutmasligimiz kеrakki, egallagan kasbimiz, vazifamizdan qat’i nazar, ona tilimiz, ya’ni davlat tilini rivojlantirish, qadr-qimmatini oshirishda faollik ko‘rsatish, ushbu sharafli ishga samarali hissa qo‘shish barchamizning ona vatanimizga munosib farzandlik burchimiz hisoblanadi.
Barchangizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni umumxalq ayyomi munosabati bilan yana bir bor qutlagan holda, avvalo, mustahkam salomatlik, oilaviy xotirjamlik, fayz-u baraka, xayrli va savobli kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Vazir general-leytenant T. Xudaybergenov