2017 yilning 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djuraev A-373 avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonidan o‘tgan qismida 2017-2018 yillar qish mavsumida transport vositalarining uzuluksiz va xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, qish mavsumida ob-havoning noqulay sharoitida “Qamchiq” dovonidan o‘tuvchi yo‘lovchilar uchun Toshkent viloyatining Angren shahri, Ohangaron tumani hamda Namangan viloyatining Pop tumanida tashkil etilgan fuqarolarni qabul qilish punktlari holati va yaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari zahirasi ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonining barqaror faoliyat ko‘rsatishini, dovon orqali avtotransport vositalari va yo‘lovchilarning xavfsiz hamda uzluksiz harakatlarini ta’minlashga jalb etilgan xizmatlarning texnikalari sozligi, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning tegishli asbob-uskunalar bilan ta’minlanganligi holati ham tekshirildi.
Qish mavsumida A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining “Qamchiq” dovonining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan doimiy nazoratga olingan.