Favqulodda vaziyatlar vaziri Samarqand axborot texnologiyalari kollejida o‘quvchilar bilan uchrashdi

2017 yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djuraev, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari A.Umarov, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i U.Xaydarov, O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimovlar Samarqand axborot texnologiyalari kollejiga tashrif buyurib, o‘quvchilar bilan uchrashdilar.

Tashrif davomida, mehmonlar kollejning o‘quv dasturlari, ko‘rgazmali qo‘llanmalar, o‘quv xonalari va yaratilgan boshqa shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, talabalar bilan o‘zaro suhbat qurishdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 iyundagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3030–sonli Qaroriga muvofiq aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasini tubdan o‘zgartirish, mutaxassislarni tayyorgarlikdan o‘tkazishning yagona tizimini joriy etish maqsadida respublikamizdagi bir nechta kollejlar qatorida Samarqand axborot texnologiyalari kollejida ham “qutqaruvchi-haydovchi”, “g‘avvos-qutqaruvchi”, “dizenfeksiya instruktori”, “dozimetrist” va “gazdan qutqaruvchi” kabi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Kollejning birinchi bosqich, 109-guruh o‘quvchilari bilan bo‘lgan suhbat davomida Favqulodda vaziyatlar vaziri qutqaruvchi kasbining sharafli va mas’uliyatli kasb ekanligi, FVV tizimiga ishga qabul qilish tartibi va boshqa shu kabi qiziqarli ma’lumotlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. O‘z navbatida o‘quvchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Matbuot xizmati