Kuni kecha, "Ta'limda tillarni o‘qitishning dolzarb masalalari: muammo, tahlil va yechimlar" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida FVV akademiyasi Tillar kafedrasi boshlig‘i l.m.v.b podpolkovnik M.Badalbayeva ilmiy rahbarligida Akademiyaning 4-kurs kursantlari O.Baratov va S.Xudaybaxshevlar "LEARNING ENGLISH THROUGH FIREFIGHTING SIMULATIONS" mavzusida ingliz tilidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasida offlayn va onlayn tarzda tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Vestministr universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Qurolli kuchlar akademiyasi, IIV akademiyasining Toshkent shahar va barcha viloyatlarda joylashgan akademik litseylari hamda FVV akademiyasi tilshunos olimlari, yetuk mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari va kursantlar, litsey o‘quvchilari ishtirok etib, ta'limda tillarni o‘qitishning turli dolzarb masalalari yuzasidan o‘z ma'ruzalari bilan qatnashgan tilshunos olimlar qatorida so‘zga chiqqan kursantlar bugungi kunda xorijiy tillarni, shu jumladan ingliz tilini soha doirasida tez va oson o‘zlashtirishda favqulodda vaziyatlarni, xususan, yong‘inlarni bartaraf etish misolida internetda mavjud simulatsion ko‘rinishda ishlangan o‘yinlar yaxshi samara berishi to‘g‘risida fikr bildirib, bir nechta simulatsiyalarni ekranda namoyish etdilar.
Konferensiya juda qiziqarli va muzokaralarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, FVV akademiyasi kursantlarining o‘z taqdimotlari bilan chiqishlari ko‘pchilik ishtirokchi tilshunos olimlar va professor-o‘qituvchilar, tinglovchi yoshlar e'tiboriga tushdi hamda ularda iliq taassurotlar qoldirdi.
Konferensiya yakunida so‘zga chiqqan FVV akademiyasi 5-kurs kursanti B.Dusimovning o‘zbek, rus va ingliz tillarida madh etgan kuy-qo‘shiqlari konferensiya ishiga fayz kiritdi.