Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

FVV Akademiyasida ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi

Kecha, 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarda jinoyat bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlarining o‘zaro hamkorligi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari, tegishli vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, oliy ta'lim muassasalari vakillari, IIV Malaka oshirish instituti, FVV Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – respublikamizda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta'minlashdagi mavjud muammolar va yong‘inga qarshi muhofazani takomillashtirish, favqulodda vaziyatlarda jinoyat bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlarining o‘zaro hamkorligini yanada oshirish, sohaga yangi innovasion texnologiyalarni qo‘llash amaliyotini yanada kuchaytirish, ilg‘or xorijiy tajriba hamda texnologiyalar asosida sohani jadal innovasion rivojlantirish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiev ochib, favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida innovasion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning innovasion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganligini, mamlakatimizda hayotiy faoliyat xavfsizligini ta'minlash masalasi kompleks xarakterga ega bo‘lib, uni yuqori darajada mustahkamlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bir qatorda, jamiyatimizning har bir a'zosidan innovasion yondashuvni, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar yaratishni taqozo etayotganligini, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda jinoyat bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni oldini olishga, favqulodda vaziyatlar tizimida alohida e'tibor qaratilayotganini, bu borada huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlik doirasida bir qator profilaktik-tadbirlar o‘tkazilayotganini alohida ta'kidladi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar, favqulodda vaziyatlarda jinoyatlarni oldini olish, surishtiruv va tergov jarayonlariga elektron ma'lumotlarni kiritish va tergov harakatlarini videotasvirga olish amaliyotini yanada keng joriy etish hamda favqulodda vaziyatlarda (holatlarda) huquqbuzarliklarni oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.

Xulosa o‘rinida ta'kidlash joizki, olimlarning tabiiy ofatlardan so‘ng yuzaga kelgan jinoyatlarga e'tibor qaratishi ularga qarshi favqulodda vaziyatlarda kurashish qoidalarini mukammal ravishda ishlab chiqilishini taqozo qiladi, buni esa favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashuvchi mutaxassislar bilan birgalikda, mazkur fanlarning chegarasida hal qilishi kelajakda o‘zining samarasini berishiga poydevor bo‘ladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech