Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

FVV Akademiyasida Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Kecha, 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Yong‘in xavsizligi oyligi” doirasida “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi turar joylarida isitish tizimi hamda yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlash: muammo va yechimlar” mavzusida Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika yosh olimlar kengashi faollari, X.Sulaymonova nomidagi sud ekspertiza markazi mas'ullari, Energetika vazirligi, Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar Yangihayot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas'ullari va “Hududgazta'minot” AJ vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarmalari, Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, nodavlat tashkilotlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, professor-o‘qituvchilar, kursantlar va o‘quvchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan asosiy ko‘zlangan maqsad – respublikamiz hududidagi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini, shuningdek aholi yashash joylarini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirishdan hamda keng jamoatchilikka yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini tushuntirib borish, gaz, elektr yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalarini qish mavsumiga tayyor holatga keltirish va o‘rnatish ishlarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinishini targ‘ib etib, ushbu isitish moslamalar bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inlarni va ularni ayanchli oqibatlarini oldini olish hamda fuqarolarimizning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishdan iboratdir.

Anjumanni Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, mamlakatimizning barcha hududlaridagi obyektlarda va aholi yashash uylarida yong‘in xavfsizligi talablarining to‘la ta'minlanishi soha xodimlarining asosiy vazifalaridan biri ekanligini aytib o‘tdi.

Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta'minlash borasida Hukumat komissiyasining tegishli bayoni bilan, 15 noyabrdan – 15 dekabrgacha respublika hududida “Yong‘in xavfsizligi oyligi”ni o‘tkazish belgilangani, mazkur oylik doirasida birinchi navbatda, aholining yong‘in xavfsizligi masalalarida bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ularda shaxsiy xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari hamda uy-joy fondini yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq holga keltirish dolzarb masala ekanligini alohida qayd etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan, is gazidan zaharlanish asosan ko‘p qavatli uylar xonadonlari va yakka tartibdagi uylardagi isitish pechlari va dudburonlariga, shamollatish kanallariga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilmasligi natijasida nosoz holga kelganligi oqibatida yuz berayotgani, ko‘p hollarda isitish mavsumida shamollatish kanallarining havo tortish qobiliyati yo‘qolganligi sababli yashash xonasi yoki oshxonada me'yorga muvofiq havo almashinuvining yo‘qligi ham is gazidan zaharlanishga olib kelayotgani, yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi va uning oqibatlarini fuqarolar tasavvuri va ko‘z oldilariga keltirishlari va tegishli xulosa chiqarishlari uchun maxsus videolavhalar, turli xildagi ko‘rgazmali vositalar namoyish etilayotgani va yong‘inni o‘chirishning zamonaviy usullari, foydalanish uchun qulay moslamalar, maxsus avtomobillar xususida ham atroflicha ma'lumotlar berildi.

Shu bilan bir qatorda, “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida ko‘p kvartirali uylar va yakka tartibdagi uy-joylar, ijtimoiy soha ob'ektlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, ishlab chiqarish korxonalari, bozorlar, yirik savdo majmualari hamda aholi ko‘p to‘planadigan boshqa ob'ektlarda o‘rnatilgan tartibda yong‘inlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirilayotgani, shu bilan birga mahallalarda “xonadonbay” tartibida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarda aholi o‘rtasida isitish mavsumida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilayotgani xususidagi ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Anjuman yakunida, bugungi kunning dolzarb malalalari yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar va tavsiyalar asosida profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish va aholini bu boradagi bilim va amaliy ko‘nimalarini yanada shakllantirish zarurligi to‘g‘risida kelishib olindi.

Muxtasar qilib aytganda, yong‘in tasodifiy yoki o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan kimyoviy holat emas, balki u kimningdir aybi bilan yuzaga keluvchi baxtsiz hodisa. Ana shu baxtsizlikni oldini olish esa har bir kishining o‘z qo‘lida ekanligini fuqarolarimiz unutmasligi, o‘z yashash joylari va ish joylarida yong‘in xavfsizligi qoidalari talablarini so‘zsiz bajarishlari hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etish orqali,
o‘zimizni, barcha yaqinlarimizni hayoti, sog‘ligi va mol-mulklarini asrab qolgan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Respublikasi
Favulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech