O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 iyundagi "Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`grisida”gi Farmoniga asosan 2017 yil 23 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy va tarkibiy tuzilmalarining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich kuchaytirish to‘g‘risida”gi 863-sonli qarori tasdiqlandi. Hukumatning mazkur qaroriga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv tuzilmalari mamlakatimizda hamda xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar va texnikalar bilan ta’minlanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalarini moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlash Kompleks dasturida vazirlik tizimini maxsus avtomobil texnikalari, qutqaruv asbob-anjomlari, aloqa va axborotlashtirish vositalari, dasturiy ta’minotlar, g‘avvoslik, radiatsion va kimyoviy nazorat texnik vositalari, jabrlanganlarni qidirish uskunalari, tog‘-alpinistik jihozlar hamda boshqa zamonaviy maxsus asbob-anjomlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv tuzilmalarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash qutqaruvchilar ish faoliyatining yanada samaradorligini oshirishda, tezkorlik bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishda muhim omil sanaladi.
FVV Matbuot xizmati