Sizlarni “Tibbiyot xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan qizg‘in muborakbod etamiz.
Darhaqiqat, shifokorlik kasbi – eng mashaqqatli va shu bilan birga, sharafli kasblardan biri hisoblanadi. Chunki, Sizning mahoratingiz, malakangiz va mas’uliyatingiz insonlar hayoti va taqdirida hal qiluvchi o‘rin egallaydi.
Barchamizga ma’lumki, jamiyatimizning barcha sohalari qatorida, mamlakatimizda tibbiyotning rivojlanishi, xalqimizning sifatli tibbiyot xizmatlaridan foydalanishi, tibbiyot xodimlarining bilim
va mahoratlarini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Biz barcha sohalardan ham tibbiyot sohasiga alohida e’tibor ko‘rsatdik. Chunki bosh maqsadimiz – xalq salomatligini saqlash, sog‘lig‘ini yanada mustahkamlash” – deb ta’kidlagani so‘zlarimizning isbotidir.
Dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimiz ham “Covid-19” pandemiyasini boshidan o‘tkazmoqda. Bu sinovli kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi xodimlari qatorida vazirligimizning Sizdek fidoyi xodimlari ham o‘z mahorat va mas’uliyatlarini namoyon etgan holda, ko‘rinmas yov bilan mardonavor kurash olib borib, buyuk jasorat ko‘rsatib kelmoqdasiz.
Sizlarning matonatli xizmatlaringiz sababli vazirlik tizimida harbiy xizmatchilar va xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari salomatligini muhofaza qilish, vazirlik tizimida sog‘lomlashtirish ishlari yuqori saviyada tashkillashtirib kelinmoqda. Buning samarasi o‘laroq xodimlarning sog‘lom turmush madaniyati yuksalib bormoqda.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Sizlarni ushbu hayajonli lahzalarda yana bir bor chin dildan qutlagan holda, sharafli, mashaqqatli va g‘oyat savobli ishingizda, avvalo, mustahkam salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin, deymiz.
Qalbingizdan quvonch, yuzingizdan tabassum, xonadoningizdan fayzu baraka aslo arimasin!
Hurmat bilan,
Vazir general-leytenant
T. Xudaybergenov