I.A.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2017 yilning 5 sentyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh xodimlari I.A.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” mutaxassisligi bo‘yicha bilim olayotgan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.Aripov hamda I.A.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti prorektori O.Zaripov nutq so'zlab, Prezidentimiz rahnamoligida favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizmini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligini, FVV va FVDT tuzilmalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash kvalifikatsiyalarini jahon talablariga javob beruvchi darajaga ko‘tarish lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Uchrashuvda, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kadrlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Fuqaro muhofazasi instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari tizmdagi o‘zgarish va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etilishi borasidagi ma’ruzalarini o‘qib eshittirdilar.

O‘z o‘rnida ta’kidlab o‘tish joizki, “O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta usutvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 iyundagi “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 iyundagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3030–sonli Qaroriga muvofiq, aholi va hudularni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish darajasi va sifatini tubdan o‘zgartirish, mutaxassislarni tayyorgarlikdan o‘tkazishning yagona tizimini yaratish, ilmiy-tadqiqotlar olib borish samaradorligini oshirish maqsadida Fuqaro muhofazasi institutida 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab 5A640103 – “Favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligi” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochildi.

Shuningdek, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘sib kelayotgan avlodni kasbga yo‘naltirish, ularni favqulodda vaziyatlarda harakat qilish hamda fuqaro muhofazasi sohasidagi vazifalarni bajarish bo‘yicha bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Andijon qurilish va transport, Samarqand axborot texnologiyalari, Olmazor politexnika hamda Toshkent viloyatining Chingeldi maishiy xizmat kollejlarida “qutqaruvchi” kasbi bo‘yicha “qutqaruvchi-haydovchi”, “g‘avvos-qutqaruvchi”, “dizenfeksiya instruktori”, “dozimetrist” va “gazdan qutqaruvchi” kabi mutaxassislar tayyorlanadi.

Shu bilan bir qatorda, I.A.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Namangan davlat universiteti, Andijon mashinasozlik, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari va Toshkent kimyo-texnologiyalari institutlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi uchun mo‘ljallangan – 5640100 – “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli bakalavrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining  2017 yil 2 iyundagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3030–sonli Qarori bu boradagi ishlarni amalga oshirish va takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida, universitet talabalariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatiga oid hujjatli film namoyish etildi.

Matbuot xizmati