Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Jizzaxda amaliy taktik o‘quv mashqi

So‘nggi vaqtlarda transport vositalari bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar – yong‘in va portlashlar haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, fuqarolar va ishchi-xizmatchilarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida, Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda profilaktik tadbirlar tashkil qilinmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida fuqarolar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Zafarobod tumanida joylashgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasida ayni shu maqsadda maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda maskan ishchilari, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari va boshqa tezkor xizmatlar vakillari ishtirok etdilar.

Mashg‘ulot davomida stansiya xodimlarining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi tekshirilib, avariya va texnogen hodisalar oqibatlarini bartaraf etishdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, jabrlanuvchini qutqarish va birinchi yordam ko‘rsatish tartibi amalda ko‘rsatilib, avariya-qutqaruv xizmatlarining hamkorligi kuchaytirildi.

O‘quv mashqi yakunida ishchi va haydovchilarga xavfsizlik qoidalari tushuntirilib, stansiya hududida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya qilish, gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanishni ta'minlash uchun har bir avtomobil' haydovchisi ularning yaroqliligini belgilangan muddatlarda ko‘rikdan o‘tkazib turishi va texnik holatini kunlik nazoratdan o‘tkazishi, gaz ballonlarini to‘ldirish jarayonida belgilangan reglamentga qat'iy rioya qilish lozimligi uqtirib o‘tildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech