Mamlakatimizda bahor mavsumi yog‘ingarchiliklarga boy bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida viloyatimizdagi daryolar suvi hajmining sezilarli ko‘payishiga, tog‘li hududlarda esa sel xavfining yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, Jizzax viloyatining Baxmal, Forish va Zomin tumanlari ham tog‘li hududlar hisoblanib, mazkur hududlarda har yili sel va suv toshqinlariga qarshi profilaktik tadbirlar muntazam ravishda o‘tkaziladi.
Baxmal tumani “Molguzar” MFYda sel, suv toshqinlaridan aholi va hududlarni muhofaza qilish maqsadida o‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlardan harakat qilish davlat tizimi organlarining 10 dan ortiq maxsus texnikalari hamda 28 nafar mas'ul xodimlari ishtirok etdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 1 km uzunlikdagi sel yo‘llari tozalanib, sel tutqichlar bunyod etildi. Bu orqali “Molguzar” MFYda joylashgan 40dan ortiq aholi xonadonlari hamda 25-sonli maktab binosiga xavf soluvchi ehtimoliy sel va suv toshqinlarini xavfsiz yo‘nalishga burib yuborishga erishiladi.