“Qaerda qonun hukmron bo‘lsa, shu yerda adolat bo‘ladi"
Amir Temur
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz yangidan-yangi marralarni zabt etmoqda, ko‘z o‘ngimizda yangi O‘zbekiston dunyoga yuz tutmoqda. Mazkur o‘zgarishlarni nafaqat biz, balki chet elliklar ham e'tirof etmoqda. Albatta, bu shubhasiz, barchamizni quvontiradi.
Eng muhimi, mamlakatimizda yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, Respublika Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini puxta o‘rgatish, uning insonparvarlik, demokratik va adolatparvarlik tamoyillarini yanada shakllantirish hamda ijtimoiy faolligini oshirish, ularni qonunlarni bilish, hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida, hozirgi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda turli ko‘rik tanlovlar, intellektual musobaqalar, uchrashuvlar, ijodiy kechalar, davra suhbatlari hamda huquqiy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar keng va samarali o‘tkazilib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining «Ma'naviyat va ma'rifat» markazida ham barcha karantin qoidalariga amal qilgan holda O‘zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan «Konstitutsiya-mamlakat taraqqiyotining huquqiy kafolati» mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi Tavakkal Choriev, O‘zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Umidjon Sulaymonov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya mayori Botirbek Sobirov, Toshkent shahar deputatlar Kengashi raisi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori, professor, turon akademiyasi akademigi, Toshpo‘lat Matibaev, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi harbiy qismlaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, mayor Ulug‘bek Fattaxov, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassisligidagi “Muhofaza+” jurnali va “Vaziyat” gazetasining birlashgan tahririyati bosh muharriri Azamat Suyunov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sergeli tumani Kengashi raisi Azizjon Qayumov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar — Konstitutsiyaning barcha bo‘lim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklashga, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilishga, milliy va diniy qadriyatlar va vijdon erkinligini ta'minlashga, oilada mustahkam muhitni ta'minlashga, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona va odilona foydalanishini belgilab berishga, millatlar va elatlar, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik, do‘stona munosabatlarni yaxshilashga va shunga oid ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilganligi borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, taklif etilgan mehmonlar tomonidan, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar berildi.
Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiev o‘z nutqida, bu yil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning yigirma sakkiz yilligi bayrami bilan samimiy tabriklab, asosiy Qonunimizda fuqarolarning vijdon erkinligi, barcha millat va elatlarning urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishi kafolatlanganligini alohida ta'kidlab, davlatimiz rahbarining “O‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan doimo oldinga qarab boradi” degan g‘oyat muhim iboralarini alohida e'tirof etdi.
Qolaversa tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan badiiy, ilmiy-uslubiy va qonunchiligimizga oid kitoblar yarmarkasi hamda Kostitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yilligiga bag‘ishlangan bir qator she'rlar hamda videolavhalar namoyishi tadbir ishtirokchilarida katta taassurotlar qoldirdi.
Tadbir so‘ngida taklif etilgan mehmonlar, Akademiya va O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
— Ma'lumki, davlat va jamiyat hayotida ba'zi bir narsalar bo‘ladiki, u Vatanimiz kabi yagonadir: bayrog‘imiz bitta, gerbimiz bitta, madhiyamiz bitta, shu qatori Konstitutsiyamiz ham bitta. Bularning har biri o‘z timsolida ona Vatanimiz, xalqimizning ezgu-maqsadlarini o‘zida aks ettiradi. Shu ma'noda Konstitutsiyamiz har bir fuqaro uchun bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz kabi muqaddasdir deydi — polkovnik Abduazim Axmadxodjaev — Bosh qomusimiz qabul qilinishidan maqsad va vazifalarga e'tibor beradigan bo‘lsak, muqaddimasida mamlakatimiz uqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta'minlashga intilish, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilinganligi qayd etilgan. Ya'ni Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iboratdir.
— Mamlakatimiz taraqqiyotining huquqiy va qonuniy asosi bo‘lgan bosh Qomusimizda qayd etilgan moddalar mazmun-mohiyatini keng mulohazali ma'ruzalarda ochib berilgani, biz yoshlarni huquqiy bilimizni yanada oshirish xizmat qildi desam mubolag‘a bo‘lmaydi deydi — Akademiya 3-bosqich kursanti Akbar Xursanov — Biz yoshlar ham Konstitutsiyamizdan har qancha faxrlansak, har qancha g‘ururlansak, uni har qancha o‘rganib, targ‘ib qilsak arziydi. Albatta men qonunlar ustuvor bo‘lgan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash yo‘lidagi sharafli va muqaddas burchimni oqlab, muhtaram Prezidentimiz yaratib bergan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilib qo‘yganman.