Avval xabar berganimizdek, 13 iyul' kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan. Ushbu sel oqimlari 13:20larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Kosonsoy” soyiga 60 metr.kub hajmda sel suvlari oqib kelgan. Uning natijasida Kosonsoy tumani “Mahmudiy A'zam” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Kosonsoy” soyi qirg‘og‘ida joylashgan, ushbu tumanda yashovchi fuqaroga tegishli bo‘lgan, dam olish maskanida dam olayotgan va soyga cho‘milish uchun tushgan fuqarolarni sel suvlari oqizib ketgan. Natijada 8 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 6 nafar fuqaro qutqarib qolingan. 1 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro qidirilayotgan edi.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida bugun, 17 iyul' kuni erta tongda 2014 yilda tug‘ilgan, 7 yoshli bolaning jasadi Kosonsoy soyining “Tagijar” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan topilgan.
O‘z navbatida, barcha yurtdoshlarimizdan mutaxassislarning ob-havo o‘zgarishlariga oid ogohlantirishlariga qat'iy amal qilishni so‘raymiz.