2017 yilning 15 noyabr kuni Qarshi shahrida “Viloyat FVDqT xizmatlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning 2017-2018 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va betalofat o‘tkazish jarayonida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlikdagi harakatlar” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqidan ko‘zlangan maqsad viloyat FVDqT xizmatlari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning 2017-2018 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va betalofat o‘tkazishga jalb etiladigan kuch va vositalarning tayyorgarlik holatini tekshirish, aholi va hududlarni gaz, elektr energiya hamda isitish vositalari bilan ta’minlash, ulardan foydalanganda havfsizlik qoidalariga rioya etilishida amaliy va nazariy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv mashqi ikki bosqichda, nazariy va amaliy tarzda o‘tkazildi. Nazariy qismda, Qashqadaryo viloyati hududiy gaz ta’minoti filiali va “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Qashqadaryo ko‘mir yetkazuvchi” UK, kommunal soha tashkilotlarining kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish uchun jalb etiladigan kuch va vositalari hamda viloyat FVB Qutqaruv otryadi, IIB YOXB va tez tibbiy yordam kuch va vositalarining saf ko‘rigi ko‘zdan kechirildi.
Saf ko‘rigi davomida elektr energiyasi bilan bog‘liq avariyalarni bartaraf etishga mo‘ljallangan avariya tiklash brigadalari texnikalari, Qashqadaryo viloyati hududiy gaz ta’minoti filialining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi texnikalari, gaz tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan avariya tiklash brigadalari texnikalari, kommunal soha tashkilotlarining texnikalari, asbob-anjomlari va jihozlari mavsumga shay holatga keltirilganligi o‘rganib chiqildi.
O‘quv mashqining ikkinchi bosqichida, ishtirokchilar tomonidan shartli ravishda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish bo‘yicha amaliy harakatlar namoyish etildi.
Maxsus-taktik o`quv mashqida Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djurayev, viloyat hokimi Z.Ro`ziyev hamda mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashqi davomida jami 428 kishi va 124 ta texnika jalb etildi.
FVV Matbuot xizmati