Mahorat, matonat va rag‘bat

Mana 2017 yilning 6 avgustidan 10 avgustiga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining “Chimyon” va “Chorvoq” dam olish maskanlari hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi Qutqaruv otryadlari o‘rtasida an'anaviy tarzda o‘tkazilgan Qutqaruvchilar respublika ko‘pkurash musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.

Bellashuvlarda jami 22 ta jamoa 4 yo‘nalishda 10 ta amaliy bosqichni bosib o‘tdi. Bunda ular tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar  oqibatlarini bartaraf etish, suvda qidiruv-qutqaruv ishlari bo‘yicha bilim-malakalarini sinovdan o‘tkazdilar.

Musobaqa bosqichlariga ko’ra, qutqaruvchilar yo‘l-transport hodisasini bartaraf etib, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar natijasida vayron bo‘lgan binoda va kimyoviy zararlangan hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bordilar. Bu jarayonda ulardagi tezkorlik va chapdastlik barchani hayron qoldirgan bo‘lsa, tog‘ yonbag‘irlarida bajarilgan amaliy harakatlar bundan ham hayratlanarli bo‘ldi.

Xaloskorlar qutqaruv asbob-anjomlaridan unumli va sifatli foydalangan holda “Chimyon” tog‘larining baland cho‘qqilariga ko‘tarildilar, kompas va xaritalar yordamida navbatdagi o‘quv nuqtalarini topdilar, yuqoridan qiyalik va jarliklarga tushib, jabrlanganlarni izlab topdilar va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdilar. Jabrlanganlarni tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab olib yurib, manzilga, ya'ni tibbiy yordam xizmatiga sog‘-salomat uetkazdilar.

“Chorvoq” suv omborida tashkil qilingan suvda qutqaruv ishlari bo‘yicha bahslar bundan ham qiziqarli kechdi. Suv omborining tegishli burchagiga belgi va ishoralar o‘rnatilgan. Suv ostida esa musobaqa bosqichiga asosan shartli vaziyatga ko‘ra, “jabrlanuvchi”, izlab topilishi mumkin bo‘lgan mo‘ljal va vositalar yashirilgan. Buni esa faqatgina suv ostiga tushgan mahoratli g‘avvos-qutqaruvchilargina his qila oladi va topshirilgan vazifaning uddasidan chiqa biladi.

Ayni bosqichda qutqaruvchilar suv ostida texnik ishlarni olib borish va suv ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil qilish bo‘yicha bilim-malakalarini sinovdan o‘tkazdilar. Bunda g‘avvos-qutqaruvchilarning yakka tartibda hamda jamoa bo’lib ishlash mahoratiga alohida e'tibor qaratildi.

Musobaqaning tibbiy bilimlar sinovida esa qutqaruvchilar favqulodda vaziyatlarda   jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, uni xavfsiz hududga evakuatsiya qilishga oid bilimlarini nazariy va amaliy jihatdan asoslab berdilar. 

Joriy yilning 11 avgust kuni vazirlik Fuqaro muhofazasi institutida mazkur bellashuvlarning tantanali yopilish tadbiri o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djuraev ishtirok etdi. U o‘z so‘zida mazkur musobaqaning vazirlik qutqaruv tuzilmalari faoliyatida ulkan o‘rin tutishini ta'kidlab, uni sifat va mazmun jihatdan yanada boyitish qutqaruvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishda asosiy omillardan bo‘lishini aytib o‘tdi. O‘z o‘rnida, bellashuv g‘oliblarini samimiy qutlab, sovrindor va ishtirokchilarga kelgusidagi bahslarda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishga umid bildirdi. 

Shundan so‘ng navbat tadbirning eng hayajonli onlariga, ya'ni g‘oliblarni taqdirlashga berildi.

Xullas, hakamlar hay'atining xulosalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida faxrli 3-o‘rin Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi jamoasiga, 2-o‘rin Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tez harakat qilish maxsus otryadiga, musobaqaning g‘oliblik maqomi, ya'ni faxrli
1-o‘rin Tez harakat qilish Respublika ko‘p tarmoqli markazi ishtirokchilariga nasib etdi. G‘oliblar o‘z shohsupalarini egalladilar. Ular tinimsiz olqishlandilar. G‘oliblarga medallar, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Mukofotlarni Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Djuraev tantanali tarzda o‘z egalariga topshirdi.

Yuqoridagilardan tashqari, musobaqa yakunlariga ko‘ra, bir qator nominatsiyalar ham belgilanib, ular bo‘yicha g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:

“Eng yaxshi qutqaruv otryadi komandiri”  - “Qamchiq” Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi Avariya-qutqaruv otryadi komandiri kapitan Abdullaev Sherzod Abdumutal o‘g‘li;

 “Eng yaxshi qutqaruv guruhi qutqaruvchisi” –  Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tez harakat qilish maxsus otryadi qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchisi xizmatchi Shoislomov Toxir Shuxratovich;

“Eng yaxshi g‘avvos-qutqaruvchi” – Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tez harakat qilish maxsus otryadi g‘avvos-qutqaruvchisi xizmatchi Mallaev Baurjan Baxtiyorovich;

“Eng yaxshi RKB(b)M guruhi qutqaruvchisi” – Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi RKB(B)M guruhi qutqaruvchisi xizmatchi Alimxodjaev Ramz Fazlitdinovich;

“Eng kuchli qutqaruvchi” - Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi qutqaruvchisi xizmatchi Mamatqulov Farrux Saminovich.

Alohida ta’kidlab o’tish  joizki, vazirlik va idoralarning tarkibidagi qutqaruv otryadlari, xizmatchi va xarbiy xizmatchilarining favqulodda vaziyatlar vaqtida samarali qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borishlari, ularning bu boradagi bilim-ko’nikmalarini oshirish, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi qutqaruvchilar bilan soha yo’nalishi bo’yicha o’zaro malaka almashishi uchun Favqulodda vaziyatlada harakat qilish davlat quyi tuzilmalari o’rtasida “Uchkurash” musobaqasi o’tkazildi. Joriy yilning 6-10 avgust kunlari “O’zneftegaz” MXK, “O’zkimyosanoat” AK, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyalarining terma jamoalari mazkur “Uchkurash” musobaqasida o’zaro bellashdilar. Bellashuv natijalariga ko’ra:

 

III-O’rinni Ichki Ishlar Vazirligi YoXXBB jamoasi;

II- o’rinni “O’zneftegaz” MXK jamoasi;

I-o’rinni “O’zkimyosanoat” AK jamoasi egalladi.

Nominatsiyalar bo’yicha esa:

“G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi” uchun “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi;

“Vayronalarda qidiruv qutqaruv ishlarini olib borish” bosqichi bo’yicha umumjamoa hisobida 1-o’rinni “O’zneftegaz” MXK jamoasi;

“Kimyoviy avariyalarda qidiruv-qutqaruv  ishlarini olib borish” bosqichi bo’yicha umumjamoa hisobida 1-o’rinni “O‘zkimyosanoat” AK jamoasi;

“Kross-Fit estafetasi” bosqichi bo’yicha umumjamoa hisobida 1 – o’rinni Ichki ishlar vazirligi YoXXBB jamoasi egalladi.

Ha, biz ham g‘olib va sovrindorlarni ushbu yutuqlar bilan samimiy qutlar ekanmiz, haqiqatdan ham, mahoratli insonda, albatta, matonat ham bo‘ladi, deya xayoldan o‘tkazamiz.  Eng muhimi, mahorat va matonat uyg‘un kelganda,
u o‘zining munosib rag‘batini topadi. Bugungi musobaqa ana shunday ezgu tamoyilning yorqin namunasidir.

Omon bo‘ling, matonatli xaloskorlar!