FVV ogohlantiradi:
25 fevral kuni ob-havo oʼzgaruvchan, yogʼingarchilik kutilmaydi. Аyrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esib, vaqti-vaqti bilan 25-28 m/s (90-101 km/soat)gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 7-12*S sovuq, kunduzi 2-7*S sovuq, shimolda kechasi 17-22*S sovuq, kunduzi 8-13*S sovuq boʼladi.

MAQSADIMIZ – PROFESSIONAL KADRLAR TAYYORLASH

Bugungi kunda harbiylarga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yoshlarimizning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.

Harbiy ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan vatanparvarlik ruhini targ‘ib qiluvchi amaliy tadbirlar, o‘z navbatida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lmoqda. Yosh avlodda qat'iy hayotiy pozisiya, Vatanga bo‘lgan sadoqat tuyg‘usini shakllantirish, o‘rta maktabdan oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan davrdagi uzluksiz harbiy ta'lim va vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha yaxlit tizim yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

Murojaatnomaning yana bir muhim jihati shundaki, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e'tibor qaratish lozimligi hamda so‘nggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo‘layotgan yong‘in va boshqa ko‘plab noxush holatlar bu borada mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etayotganligi ta'kidlandi.

Yurtimizda barpo etilayotgan ko‘plab yirik ob'ektlar va baland qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta'minlashning yangi tizimini tashkil etish zarurligi, shuningdek, sohaning moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozimligi alohida qayd etildi. “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda tegishli muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturini ishlab chiqish vazifalari belgilab berildi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar akademiyasida ham barcha yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, akademiyada tahsil olayotgan yosh kursantlar bir qator tadbir, tanlov hamda musobaqalarda munosib qatnashib, sovrinli va faxrli natijalarga erishib kelmoqda.  

Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida 2020 yil 6 dekabr kuni poytaxtimizda “Toshkent xalqaro marofoni” o‘tkazildi.

Poytaxtimiz aholisi va yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marofonda akademiyaning 25 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va kursantlari faol ishtirok etdi. Akademiya terma jamoasi a'zolari 21 kilometr masofani, shuningdek, joriy yil 10 yanvar' kuni o‘tkazilgan “Men g‘olib” marofonida esa 10 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va kursantlar 10 kilometr masofani belgilangan me'yor va qoidalarga asosan finishga yetib keldi. Ommaviy sport turlaridan biriga aylangan badminton va boks akademiya harbiy xizmatchi va kursantlari orasida keng ommalashdi.

2020 yil 11-13 dekabr kunlari Xorazm viloyati Xiva shahrida sportning armrestling turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Ushbu musobaqada Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 200 nafardan ortiq sportchilar o‘zaro kuch sinashdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada FVV akademiyasi 4-bosqich kursanti Hurmatillo Madazimov 75 kilogram vazn toifasida ishtirok etib, o‘ng qo‘l bilan bitta oltin va chap qo‘l bilan esa bitta bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi. Alisher Navoiy bobomiz o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.  

Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “O‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”. Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Abduazim Axmadxo‘jaev

   Favqulodda vaziyatlar vazirligi

akademiyasi  boshlig‘ining o‘rinbosari,  polkovnik

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech