O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida jasur o‘g‘lonlarimizning yorqin xotirasiga bag‘ishlab chop etilgan “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, huquqni muhofaza qilish organlaridan vakillar, yozuvchi va shoirlar, xizmat vaqtida halok bo‘lganlarning yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini mustahkamlash, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” kitobi Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tashabbusi bilan yaratilgan xalqimizning mard va jasur farzandlari xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom namunasidir. Kitobda yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida qurbon bo‘lgan 222 nafar qahramonlarning hayot yo‘lilari yoritilgan. Ushbu ro‘yxatda o‘z hayotlari evaziga, falokatga uchragan fuqarolarni qutqarib qolgan marxum qutqaruvchilar ham bor. Kitob bilan tanishgan o‘quvchi Vatanimizning bugungi farovon va tinch hayoti qadrini yanada teran anglaydi.
– Hech kim farzand dog‘ini ko‘rmasin, – deydi marxum qutqaruvchi Xislatjon Yulchievning onasi. – O‘g‘limdan yodgor bo‘lib bir nabira qoldi. Davlatimiz, o‘g‘limning hamkasblari bizdan xabar olib turishibdi. Tinch-osoyishta hayotimiz yo‘lida o‘z jonini ayamagan o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan ushbu kitob yoshlarimizda Ona Vatanga muhabbat, ruhini shakllantirishda xizmat qiladi. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch bo‘lsin...
Tadbir yakunida mard o‘g‘lonlarning yaqinlariga “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” kitobi va sovg‘alar topshirildi.