Shiddat bilan yonayotgan olovni tezkor o‘chirish va xavfli hududdan insonlarni qutqarish jarayoni, zamonaviy texnikalar va harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi. Qutqaruvchilarni har qanday holatga shayligi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari har bir yosh avlod qalbida qutqaruvchi bo‘lish istagini uyg‘otadi. Ayniqsa, qutqaruvchilar bilan jonli uchrashuvlarda yoshlar ushbu kasbning mashaqqati va mas'uliyatini yaqindan his qiladilar.
Kuni kecha Buxoro viloyati Kogon tumani FV bo‘limi xodimlari tomonidan tumanda joylashgan ta'lim muassasalarining birda o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda yoshlarga favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda foydalaniladigan asbob-anjomlar va maxsus texnikalar namoyishi o‘tkazildi. Bunday tadbirlar o‘z navbatida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni yurtiga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.