Insonning bolalik davri o‘ziga xos voqealarga boy bo‘ladi. Xuddi shu kabi nukuslik ikki o‘yinqaroq bolakay qishning sovuq kunlarida ko‘l suvining muzlaganligidan foydalanib, unda sirpanchiq uchmoqchi bo‘lishdi. Ammo voqea ular kutgandek bo‘lib chiqmadi. Quvonarlisi shuki ular omon qoldilar. Joriy yilning 29-dekabr kuni soat 16:45 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga Nukus shahri yaqinida joylashgan “Qosko‘l” ko‘li o‘rtasida ikkita voyaga yetmagan bolaning qolib ketganligi to‘g‘risida shu yerdan o‘tib ketayotgan guvoh orqali shoshilinch xabar kelib tushgan.
Tashvishli xabarni qabul qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari bolalarni qutqarish uchun voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borgan.
Ma'lum bo‘lishicha, ko‘l o‘rtasida ikki nafar o‘yinqaroq do‘st muz ustida o‘ynayotgan vaqtida muz yorilib, do‘stlar suvga tushib ketgan. Sovuq suvda o‘zlarini yo‘qotmagan bolakaylar muzlagan suvdan chiqib olib, ko‘l o‘rtasidagi orolchada qolib ketishgan. Muz yorilganligi tufayli bolalarning ortga qaytish imkoni bo‘lmagan.
Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida orolchada qolib ketgan bolalar qirg‘oqqa olib o‘tilib, voqea joyida ularga birinchi tibbiy yordam berilgan va malakaviy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan. Ayni vaqtda ikki do‘stning ahvoli yaxshi, ular ota-onasi bag‘rida.