Joriy yilning 26 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh Oqrabod dovonida Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlar hamda boshqaruv organlari kuch va vositalari hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqi davomida tumanning Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga, tuman maxsus va muhandislik texnikalaridan iborat yig‘ma guruhlar, fuqaro muhofazasi xizmat rahbarlari ishtirok etdi.
O‘quv mashqini o’tkazishdan ko’zlangan maqsad tegishli xizmatlarga yuklatilgan vazifalarni amalda bajarish darajasini aniqlash, favqulodda vaziyatlarda maxsus va muhandislik texnikalarni jalb etish, jabrlanganlarni evakuatsiya qilish, dovonlarda doimiy navbatchilikda turgan kuch-vositalar shayligini ta’minlash hamda avtomobil yo‘lining sirpanchiq va tik qiya hududida hosil bo‘lgan muzlamalarni eritish uchun qum va tuz mahsulotlari zahirasi yaratish, shuningdek, soha xizmatlari hamkorligini mustahkamlashdan iborat bo’ldi.
O‘quv mashqi bir necha bosqichlarda o‘tkazilib, Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi boshqaruv organli va kuch vositalari ishtirokida bir qator o‘quv nuqtalarida maxsus-taktik mashqlari o‘tkazildi. Xususan, tashkil etilgan shartli yo‘l transport hodisasiga uchragan avtomobillardan jabrlanganlarni qutqarish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tadbirlari amalda sinab ko‘rildi.