Poytaxtimizdagi so‘lim va bahavo “Botanika” bog‘ida o‘t o‘chiruvchi-qutqaruvchilar va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yong‘in-qutqaruv qismlarining maxsus texnikalari, kuch va vositalari namoyish etilib, o‘quvchilarga yong‘in xavfsizligi qoidalari talablari, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanishga oid qoidalar bo‘yicha tushunchalar berildi.
Tadbirda nafaqat bolajonlarga favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha bilimlar berildi, balki ularda chaqqonlik, abjirlik, vatanparvarlik sifatlarini qaror toptirish yuzasidan quvnoq startlar musobaqalari ham tashkil qilindi.
– Inson butun umri davomida oladigan bilimlarning 70 foizga yaqinini bolalikda olishi mutaxassislar tomonidan qayd etilgan. Umuman olganda, inson bilimlarni o‘qiganda 5-10, eshitib ko‘rganda 30-40, amalda bajarib ko‘rganda esa 80 foiz miqdorda eslab qoladi. Shu ma’noda, aytish kerakki, bugun bolajonlar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish haqida chuqur bilimlarga ega bo‘ldilar. Ushbu uchrashuv hamda ko‘rgazma jarayonlari bolalarning favqulodda vaziyatlarga oid bilimlarini mustahkamlabgina qolmasdan, qutqaruvchilik kasbiga nisbatan qizqishlarini ham oshirib, ona yurt, xalq xizmatiga safarbar etadi.
Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar yosh avlodni, chinakam ma’noda, xalqparvar, ezgu maqsad yo‘lida fidoyi insonlar etib voyaga yetkazishda munosib zamin bo‘lib xizmat qiladi. Albatta, ushbu sa’y-harakatlar yana izchil davom ettiriladi.