FVV ogohlantiradi:
25 fevral kuni ob-havo oʼzgaruvchan, yogʼingarchilik kutilmaydi. Аyrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esib, vaqti-vaqti bilan 25-28 m/s (90-101 km/soat)gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 7-12*S sovuq, kunduzi 2-7*S sovuq, shimolda kechasi 17-22*S sovuq, kunduzi 8-13*S sovuq boʼladi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yangi qaror imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2019 yil 10 apreldagi PQ-4276-son qarori bilan tasdiqlangan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 24 avgustdagi 242-son qarori bilan Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) faoliyati va ushbu tizimga kiruvchi davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat boshqaruv organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha vazifalari, funksiyalari tasdiqlangan edi.

O‘tgan yillar davomida qator vazirlik va idoralarning qayta tashkil etilganligi, ularga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning o‘zgarganligi hamda bir qator vazirliklarning yangidan tashkil etilganligi FVDT tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirishni samarali tashkil etish, faoliyatini muvofiqlashtirishda qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Xususan, 2020 yilning 28 aprel kuni Buxoro viloyatidagi yog‘ingarchilik, shuningdek, kuchli shamol esishi oqibatida Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlarida kuzatilgan tabiiy ofat hamda 1 may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi «Sardoba» suv omborida yuzaga kelgan texnogen favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishda FVDT faoliyatida ba'zi nomutanosiblik va kamchiliklar kuzatildi.

Shu munosabat bilan aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, ularning oldini olish va sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etishning samarali mexanizmini ishlab chiqish, uni tartibga solishning yangi normativ-huquqiy asosini yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» 2020 yil 26 avgustdagi 515-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq FVDTning asosiy vazifalariga xorijiy davlatlarda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish, ularni va halok bo‘lganlarni evakuasiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, FVDTning mahalliy darajasidagi boshqaruv organlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, tumanlar va shaharlar Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, tashkilotlarning vakolatiga esa aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni hal etishga mas'ul bo‘linmalari kiritildi.

Shuningdek, FVDT tezkor-boshqaruv organlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining tezkor-boshqaruv markazlari tuman va shaharlar Favqulodda vaziyatlar bo‘limlarining tezkor-boshqaruv guruhlari bilan kuchaytirilib, Fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shu jumladan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari huzuridagi «Mahalla fuqaro muhofazasi» yig‘ma guruhlari, shuningdek, jalb etiladigan volontyorlar FVDT hududiy quyi tizimlarining kuch-vositalari tarkibiga kiritildi.

FVDT faoliyatining yuqori tayyorgarlik va favqulodda vaziyat rejimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hamda tegishli ob'ektlar rahbarlarining qarorlari bilan joriy etilishi, shuningdek, ushbu qarorlarda ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan masalalar hamda Favqulodda vaziyat rejimini joriy etish darajalari (ob'ekt, mahalliy va respublika darajalari) belgilandi.
Bundan tashqari, FVDT funksional quyi tizimining yangilangan tarkibidagi 44 ta vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha funksiyalar yuklanib, Tashqi ishlar vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va «O‘zsuvta'minot» AJ FVDT tarkibiga yangidan kiritildi.

Transport, Energetika va Suv xo‘jaligi vazirliklari zimmasiga ular mas'ul bo‘lgan sohada faoliyat yuritayotgan 11 ta tashkilotning funksiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga FVDT funksional quyi tizimining qo‘riqlash xizmatini tashkil etish va faoliyatiga rahbarlik qilish funksiyasi yuklandi. Suv xo‘jaligi vazirligiga mukammalligi I, II va III darajada bo‘lgan, shuningdek, respublika va mintaqa suv xo‘jaligi hamda energetika tizimiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik holatini nazorat qilish va faoliyatiga rahbarlik qilish belgilandi.

Shu bilan birga, qaror bilan mahalliy davlat organlarining funksiyalariga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartararf etish tadbirlariga volontyorlarni jalb etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi kiritilib, mahalliy sharoitlar, favqulodda vaziyatlarning xususiyati va viloyatlar (tumanlar va shaharlar)ning imkoniyatlaridan kelib chiqib, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun FVDT hududiy quyi tizimida 22 ta xizmat, shu jumladan, qo‘shimcha ravishda qo‘riqlash xizmatini shakllantirish funksiyasi belgilandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech