Favqulodda vaziyatlar vazirligi Tezkor boshqarmasi boshlig‘i polkovnik To‘ychi Turagalov shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi 13-sonli o‘rta ta’lim maktabiga xadya etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu xayrli tashabbusni ilgari surib, Bosh vazirdan boshlab har bir rahbarni maktab kutubxonalariga kitoblar sovg‘a qilishga da’vat qilgan edi.
To‘ychi Jo‘raevich ta’lim dargohiga o‘zi muallifligida nashr etilgan hamda shaxsiy kutubxonasidagi sevimli kitoblarini maktab kutubxonasiga hadya qildi.
«Ushbu maktabda men 1969-1979 yillarda tahsil olganman. O‘quv dargohida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglar yuqori malakaga ega bo‘lib, o‘z kasbiga sodiq tajribali mutaxassislar hisoblanishadi. Farzand tarbiyasi masalasi haqida gapiradigan bo‘lsak, yoshlikdan kitobga mehr qo‘ygan bolalarda mustaqil fikrlay olish qobiliyati shakllanib, dunyoqarashi keng bo‘ladi. Odatda kitobsevar yosh avlod ezgulik ruhida tarbiyalanib, har bir jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qiladi», — dedi To‘ychi Jo‘raevich Turagalov.
Ushbu tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodning kitobga qiziqishini oshirishda, kitobxonlikni ommaviylashtirishda hamda ulug‘ ajdodlarga munosib avlodni voyaga etkazishda muhim ahamiyatga ega.