Bugun, 2 aprel kuni soat 14.34lar atrofida Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi Qushbegi ko‘chasida joylashgan poyabzal ishlab chiqarish sexida yong‘in yuzaga keldi. 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas, FVVning poytaxtdagi boshqarmasidan 5 nafar yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib keldi.
Ob'ektning 200 kv.metrdan ortiq maydoni yongan bo‘lib, 40 daqiqa ichida yong‘in to‘liq bartaraf qilindi.
Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida sexning boshqa maydoni yong‘indan asrab qolindi.
Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘q.
Xuddi shunday voqea Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi eshik va deraza ishlab chiqarish sexida ham yuzaga keldi. U yerda yong‘in soat 14.51 da boshlangan bo‘lib, 300 kv metr maydonni qamrab olgan. Yong‘in-qutqaruv kuch va vositalari tomonidan soat 15.45 da hodisa to‘liq bartaraf qilingan. Bu yerda ham yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jarohat olganlar qayd etilmagan.