FVV ogohlantiradi:
3 dekabr ob-havo o'zgaruvchan, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlari bo'yicha ayrim joylarida mayda yomg'ir yog'ishi mumkin. Respublikamizning boshqa hududlarda yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat kechasi 2*S sovuq - 3*S iliq, kunduzi 5–10*S iliq bo'ladi.

PROFILAKTIK TADBIRLAR O‘Z SAMARASINI KO‘RSATMOQDA

Nazorat qilib bo‘lmaydigan yong‘in doimiy xavflardan biridir. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘inlar sodir bo‘lishi aholi gaz va elektr isitgichlardan foydalanadigan kuz-qish mavsumida sezilarli ravishda ko‘payadi. Shu sababli mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish dolzarb masala hisoblanadi.


Ob-havoning sovishi munosabati bilan Jizzax viloyatidagi sanoat korxonalari, bozorlar, jamoat transporti, infratuzilma obyektlari va turar joy binolarida yong‘in xavfsizligini ta'minlash, yong‘in, chaqnash, is gazidan zaharlanish kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.


Qo‘lbola, nosoz, nostandart isitish uskunalaridan foydalanish, quruq xazonlar, gaz qurilmalari yonida yengil alagadanuvchi suyuqliklarni saqlash va ulardan noto‘g‘ri foydalanish, uy-joylarda chekish, ochiq olovdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, shuningdek, bolalarning qarovsiz qoldirilishi kuz-qish mavsumida yong‘inlar sonining oshishiga sabab bo‘ladi.


Yong‘inlardan ko‘rilayotgan moddiy zararni kamaytirish, eng muhimi, yong‘inlar natijasida insonlarning halok bo‘lishi va tan jarohati olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari kuchaytirilmoqda.


Jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish davomida viloyatdagi 1501 ta davlat tasarrufidagi ob'ektlarning yong‘inga qarshi holati tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida 1705 ta kamchilik aniqlanib, ularning 1630 tasi bartaraf etildi. Shuningdek, 28 mingdan ziyod aholi yashash xonadonlarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, aniqlangan kamchiliklarning 84 foizi bartaraf etildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini muntazam ravishda buzib kelayotgan 163 nafar mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi.


Aholining yong‘in xavfsizligi qoidalaridan xabardorligini oshirish va yong‘in ro‘y berganda qanday harakat qilishni o‘rgatish maqsadida 42 marotaba seminar va o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Joriy yilda o‘quv muassasalari va aholi gavjum joylarga 328 ta yong‘in xavfsizligi burchagi va stendlari o‘rnatilib, 17 100 dona eslatma va murojaatlar tarqatildi.


Olib borilayotgan profilaktik tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududida sodir bo‘lgan yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,9 foizga kamaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech