2017 yilning 20-21 dekabr kunlari “Qamchiq” dovonida “Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda Toshkent va Namangan viloyatlari FVDqTga kiruvchi xizmatlar hamda boshqaruv organlari kuch va vositalarining harakati” mavzusida qo`mondonlik-shtab o`quv mashqi o`tkazildi.
O‘quv mashqi FVDqTga kiruvchi boshqaruv organli va kuchlarini “Favqulodda vaziyatlar” rejimiga o‘tkazish hamda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmas ishlarni olib borishni o‘z ichiga olgan bir necha bosqichlarda o‘tkazildi.
Shuningdek, o‘quv mashqi doirasida bir qator o‘quv nuqtalarida maxsus-taktik mashqlari o‘tkazildi. Ularda qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish, vayronalar ostidan va yo‘l transport hodisasiga uchragan avtomobillardan jabrlanganlarni qutqarish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish tadbirlari amalda sinab ko’rildi. Shuningdek, “Angren-Pop” yo’lnalishida harakatlanuvchi temir yo’lda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha amaliy mashq ham tashkil etildi.
Umuman olganda dovonda, ayniqsa, qishki mavsumda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bunda asosan, dovon bo‘ylab tashkil etilgan nazorat-kuzatuv postlarining hamkorlikdagi harakatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, biriktirilgan hududlarda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kutilmagan vaziyatlarni tezkor bartaraf etish, haraktlanish xavfsizligini ta’minlash, bu borada qo‘shni postlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ma’lumot almashinuvini ta’minlash va boshqaruv shtabiga o‘z vaqtida vaziyat to‘g‘risida axborot berib borish ishlari bajarildi.
Bu kabi tezkor tadbirlarni bajarishda eng zamonaviy avariya-qutqaruv maxsus texnikalar, asbob-anjomlardan keng foydalanildi va o`tkazilgan o’quv mashqlariga malakali qutqaruvchilar jalb etildi.
Ikki kun davomida o‘tkazilgan qo’mondonlik-shtab o’quv mashqining yakuniy muhokamasi idoralararo tezkor shtab binosida bo‘lib o‘tdi. Unda kuzatuvchi va ekspertlar fikrlari tinglanib tegishli xulosalar chiqarildi.
FVV Matbuot xizmati