FVV ogohlantiradi:
28 mart kuni ob-havo o'zgaruvchan, yomg’irgarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/c (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat 15-20*C iliq bo'ladi.

Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlaridagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash

2018 yil 28 martda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlaridagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Jurnalistlar bilan uchrashuv BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMT Doiraviy konvensiyasining Moslashuv (Adaptatsion) jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Orolbo‘yi genofondini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik xayriya jamg‘armasi, Orol dengizi havzasida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Orolni qutqarish xalqaro fondi agentligi, O‘zbekiston Ekologik harakati va boshqa idora va tashkilot vakillari taklif etildi.

Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatida yuzaga keladigan tabiiy holatlarga nisbatan chidamlilikni oshirish yo‘llari butun dunyo jamoatchiligi tomonidan dolzarb va eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu hisoblanadi. Salbiy iqlim o‘zgarishlari, shubhasiz, Markaziy Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar, ayniqsa O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan mintaqalar uchun jiddiy xavf solmoqda.

Iqlim o‘zgarishi va o‘zgaruvchanligi xavfli tabiiy hodisalarning tez-tez takrorlanishiga olib kelmoqda. 1970 yildan 2012 yilgacha jahonda 8835 ta tabiiy ofat, 1,94 mln. odam halok bo‘lgani qayd etilgan, umumiy qilib gidrometeorologik ofat deb ataladigan ob-havo, iqlim va suv bilan bog‘liq ofatlar natijasida keltirilgan iqtisodiy ziyon 2,4 trln. AQSH dollarini tashkil etgan.

Jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishi muammosining muhimligini e’tirof etib, uni barqaror rivojlanish maqsadlari ro‘yxatiga kiritdi (13 maqsad).

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida haroratning o‘sish tezligi global tezlikdan ikki marotaba oshiqdir. Iqlimning salbiy oqibatlariga ta’sirchanligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston hududi etakchi o‘rinni egallaydi.

Matbuot anjumanida O‘zgidromet rahbari Kamiljon Aripov ma’ruza-taqdimot qildi. Unda iqlim o‘zgarishining dolzarb muammolari, uning O‘zbekistondagi ko‘rinishlari batafsil ko‘rib chiqildi, yaqin kelajakdagi iqlim o‘zgarishlarining kutilayotgan darajalari bo‘yicha ma’lumotlar keltirildi, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga ta’sirchan hududlarda ko‘rilayotgan moslashish choralari va loyihani amalga oshirishda keyingi vazifalar to‘g‘risida gapirildi.

Hozirgi vaqtda vujudga kelgan vaziyat iqlimga bog‘liq bo‘lgan xavfli holatlarni oldindan prognoz qilish va ogohlantirish tizimlarini, hamda iqlimiy va gidremeteorologik monitoringni rivojlantirish zarurligini taqozo etadi. Shu munosabat bilan qayd etilganidek, bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 10 ta meteorologik stansiya va ikkita gidrologik nuqtalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlab olib borildi, u erda gidrometeorologik axborotni avtomatik ravishda yig‘ish va uzatish uchun uskunalar o‘rnatildi. Monitoring vositasida olinadigan ma’lumotlar iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha chora-tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish uchun asos bo‘ladi. Ishlab chiqarishni ob-havo va iqlim omillariga bog‘liqligi qancha past bo‘lsa, uni iqlimga bardoshliligi darajasi shuncha yuqori bo‘ladi- bu esa mavjud bo‘lgan er va suv resurslaridan ratsional foydalanish tufayli yuzaga keladi.

Tadbir davomida ishtirokchilar e’tiboriga loyiha doirasida tayyorlangan videomateriallar havola etildi.

Shuningdek O‘zgidromet rahbari o‘z ma’ruzasida agro va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashning umumiy konsepsiyasi va uni Qoraqalpog‘istondagi pilot tumanlarda amalda qo‘llanganligi haqida so‘zlab berdi. SHuni ta’kidlash joizki, yuqorida keltirilgan loyiha doirasida taklif etilayotgan  Qoraqalpog‘iston Respublikasi fermerlari va dehqonlariga qurg‘oqchilik sharoitida ko‘mak berish bo‘yicha landshaft darajasida moslashuv amaliyotlarini va boshqa chora-tadbirlarni qo‘llanilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qarorida belgilab berilgan milliy ustuvorliklarga mos keladi va barqaror rivojlanish maqsadlariga etishish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Matbuot anjumani tugaganidan so‘ng, loyiha mutaxassislari bilimlarni ilmiy doiralar, fermerlar va dehqonlar orasida keng tarqatish bo‘yicha o‘zlarining strategiyalari haqida so‘zlab berdilar, mavzuga oida so‘nggi maqolalarni taqdim etdilar, hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga batafsil javob berdilar. Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini iqlim o‘zgarishiga moslashuvi bo‘yicha eng yaxshi amaliyotni joriy etilishidan erishiladigan umumiy yutuq nafaqat davlat tomonidan madadga, balki faoliyati suv va er rusurslaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan fermerlar va tadbirkorlarning sa’y-harakatlariga ham bog‘liq.

 O‘zgidromet axborot xizmati

O'xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech