FVV ogohlantiradi:
3 dekabr ob-havo o'zgaruvchan, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlari bo'yicha ayrim joylarida mayda yomg'ir yog'ishi mumkin. Respublikamizning boshqa hududlarda yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esadi. Harorat kechasi 2*S sovuq - 3*S iliq, kunduzi 5–10*S iliq bo'ladi.

QUTQARUVCHI BO‘LISH ORZUIM YANADA MUSTAHKAMLANDI

Jizzax viloyati hokimligi, viloyat Favqulodda vaziyatlar, Xalq ta'limi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi hamkorligida “Qutqaruvchilik – sharafli kasb” shiori ostida madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Jizzax shahrida joylashgan “Temurbeklar izdoshi” nodavlat ta'lim muassasasida tashkil etilgan tadbirda zamonaviy yong‘in-qutqaruv texnika va asbob-anjomlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. O‘quvchilar zamonaviy harbiy texnika, asbob-anjomlar bilan nafaqat tanishdilar, balki ularni  ishlatish qoidalari haqida ham boy ma'lumotlarga ega bo‘ldilar. 

Tadbir davomida yoshlarga mamlakatimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, vatan himoyachisi bo‘lishning sharafi va mas'uliyati haqida keng ma'lumotlar berilib, sport musobaqalari o‘tkazildi.

– Zamonaviy texnikalar va harbiy xizmatchilarning saf ko‘rigi, qutqaruvchilarning shiddat bilan yonayotgan olovni tezkor o‘chirishlari, xavfli hududdan insonlarni qutqarishlari biz yoshlarni to‘lqinlantirib yubordi, – deydi maktabning 9-sinf o‘quvchisi Angora Melieva. – Qutqaruvchilarning har qanday murakkab holatga shayligi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari qutqaruvchi bo‘lish istagimni yanada mustahkamladi.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech