Rossiya FVV ning psixologlari O‘zbekistonda o‘quv seminari o‘tkazishdi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shoshilinch psixologik yordam ko‘rsatish markazi psixologlari bilan hamkorlikda besh kunlik o‘quv seminari o‘tkazishdi. Seminarning asosiy mavzusi shoshilinch ruhiy yordam ko‘rsatishga qaratildi. Tadbirda nafaqat jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish xususida so‘z bordi, balki qutqaruvchilarning ruhiy sog‘lom bo‘lishi ham favqulodda vaziyatlarda insonlarning hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. 

Mazkur seminar nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘ldi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining psixologlari baxtsiz hodisalar sodir bo‘lganda ko‘plab insonlar aziyat chekishini hisobga olib, bunday holatlarda nafaqat bir insonga, balki butun guruhga yordam ko‘rsatish, shuningdek, qanday qilib qutqaruvchilarning ruhiy holatini yaxshilash xususida atroflicha ma’lumotlar berishdi. 

Tadbir davomida qatnashuvchilar favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga ruhiy yordam ko‘rsatish borasida o‘zaro tajriba almashdilar.

Shuningdek, o‘tkazilgan seminarda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ekspert mutaxassislaridan tashqari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi psixologiya ilmiy-tadqiqot markazining psixologlari ham ishtirok etishdi.

 

FVV Matbuot xizmati