Ру O'z En
FVV ogohlantiradi:
Texnik ishlar olib borilishi munosabati bilan sayt faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar bo'lishi mumkin.

Sel kelishi hodisasi oqibatlari bartaraf etilmoqda

Kecha, 20-aprel kuni respublikamizning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, 20-aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida bir soatu o‘ttiz daqiqada yog‘ib o‘tgan yomg‘ir bir oylik yog‘ingarchilik miqdorini tashkil etgan.

Ushbu gidrometeorologik hodisalarni bartaraf etishda amaliy yordam so‘rab, aholi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarining “101”, “1050” va boshqa tezkor raqamlariga yomg‘ir suvlarini tortish, ob-havo to‘g‘risida ma'lumotlar olish va boshqa masalalarda Samarqand viloyatidan 222 ta, Jizzax viloyatidan 14 ta, Navoiy viloyatidan 10 ta, Qashqadaryo viloyatidan 1 ta jami 280 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar bo‘yicha, jumladan, sel oqimlari, suv toshqinlari va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 92 ta maxsus texnika, 20 ta motopompa hamda 758 nafar qutqaruvchi jalb etildi.

Amalga oshirilgan ishlarni quyidagicha keltirish mumkin. Samarqand viloyati bo‘yicha:
Yomg‘ir va oqava suvlari Samarqand shahrining 5 ta shox ko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining yerto‘lalari va hovlilarida, 5 ta umumta'lim (9, 29, 39, 75-son umumtalim, 1 ta ixtisoslashgan) maktablar va M.Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ko‘zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi “Muz saroyi” binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.
Yomg‘ir suvlari Samarqand tumanining 4 ta MFYlarida kuzatilib, Bulung‘ur tumani “G‘ubdin” qishlog‘i hududidan o‘tuvchi M-39 “Almati-Bishkek-Toshkent-Shaxrisabz” avtomobil yo‘lining 1046 km.da o‘rnatilgan d=1500 suv o‘tkazish quvuriga sig‘masdan yo‘l qatnov qismining bir tomonida yig‘ilib qolgan.
Yuzaga kelgan holat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalaridan 144 nafar shaxsiy tarkib, 17 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi, 11 ta motopompa hamda “Samarqand suv ta'minot” MChJdan 6 ta maxsus texnika, 14 nafar ishchi-xodim jalb qilindi.

Jizzax viloyati bo‘yicha:
Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida sodir bo‘lgan sel oqimi “Egizbuloq” MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasi to‘liq talofat ko‘rgan, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talofat ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ushbu hududda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.
Sel oqimi 15-son umumta'lim maktabi va 9-son maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1.5 km. ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida “Egizbuloq” MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilib, ular uchun tuman hokimligi tomonidan hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasi tashkil etildi.
Sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami 520 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, viloyat va tuman hokimligi mas'ul rahbarlari, FVDTning hududiy va quyi tizimlari xizmatlari ishchi-xizmatchilari hamda 54 ta maxsus texnika jalb etildi.

Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o‘z yo‘lidan oqib o‘tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga ziyon yetkazmagan.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati nazorati ostida davom ettirilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech