Sirdaryo viloyatida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari tomonidan
2017 yil 20 iyun kuni tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishi hamda mavjud tabiiy o‘choqlardan kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”da barcha shahar va tumanlarda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazish belgilangan.

Joriy yilning 10 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat veterinariya qo‘mitasi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani “Bobo yurt”  mahalla fuqarolar yig‘inida “O‘ta xavfli yuqumli kuydirgi kasalligining kelib chiqishi va tarqalishini oldini olishda tegishli xizmatlar va idoralarning hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

Respublikada mazkur kasallik tuproq o‘choqlarining mavjudligi, fuqarolarimiz salomatligi muhofazasi yo‘nalishida samarali tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Ma’lumot uchun: Kuydirgi kasalligi - odamlar va chorva mollari uchun jiddiy xavf soladigan kuydirgi kasalligi o‘ta xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, uni tuproqda bir necha o‘n yillab tirik saqlanadigan kuydirgi tayoqchasi qo‘zg‘atadi. Kuydirgi tayoqchasi tuproqda spora (qobiq) hosil qilganligi sababli, turli tabiat hodisalari unga ta’sir qilmaydi. Uy hayvonlaridan qoramol, qo‘y, echki, ot, tuya va cho‘chqalar kasallanadi.

Kasallangan hayvon najasi va siydigi bilan tayoqchalar ko‘plab ajralishi tuproqni ifloslanishiga olib keladi va kasallik xavfini oshirib yuboradi.

Kasallangan mollarni veterinar ko‘rigisiz uy sharoitida so‘yish ta’qiqlanadi, chunki qoramol kuydirgi kasalligi bilan kasallangan bo‘lsa, uni so‘yish, kalla poychasini tozalash jarayonida ishtirok etgan fuqarolarda kasallanish holatlari kuzatiladi, shu sababli ko‘pincha kasallikni terida yara paydo bo‘lishi bilan kechadigan shakli uchraydi.

Ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi ikki qism va oltita bosqichda tashkil etildi.

Birinchi qism nazariy bo`lib, unda respublika va viloyat mutaxassislari tomonidan kuydirgi kasalligi bo‘yicha dunyodagi hamda respublikadagi vaziyat, kasallik kelib chiqishi, belgilari va uning profilaktikasi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Ikkinchi qismda amaliy ya’ni shartli ravishda kuydirgi kasalligiga gumon qilingan hayvonni aniqlash tadbirlari, mazkur hududdagi uy hayvonlarini kuydirgi kasalligiga qarshi majburiy emlash tadbirlari, uyma-uy tibbiy ko‘rik davomida kuydirgi kasalligiga gumon qilingan bemorni aniqlash tadbirlari, mazkur xonadonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkillashtirish tadbirlari, bemorni Qishloq vrachlik punktida qabul qilish tadbirlari, Maslahat, Evakuatsiya va Dezinfeksiya guruhlarining harakatlari, bemorni va u bilan muloqotda bo‘lganlarni tuman Tibbiyot birlashmasining Yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib kelish tadbirlari, davolash va boshqa profilaktik tadbirlar kabi o‘quv savollari amalda tegishli xizmatlar tomonidan ko‘rsatib berildi.

Kasallik kelib chiqmasligi uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak:

Birinchi o‘rinda fuqarolarimiz xonadonlarida boqayotgan chorva mollarini o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazishlari va kuydirgi kasalligiga qarshi emlatishlari zarur;

Ikkinchidan, qishloq hududlaridagi yakka xo‘jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitini to‘g‘ri tashkil etishlari, hovlilarda, qo‘ra va qo‘tonlarda saqlash qoidalariga rioya qilishlari, ularni davriy ravishda dezinfeksiya va dezinseksiyadan o‘tkazib turishlari zarur;

Uchinchidan, mahallalarda jamoatchilik nazorati o‘rnatish, qaysidir fuqaro tomonidan mahallaga olib kelingan qoramol qayerdan olib kelinganligi, emlanganligi va boshqa masalalar yuzasidan mahalla fuqarolar yig‘ini va hududiy veterinar xodimini ogohlantirishi bo‘yicha tizimni yo‘lga qo‘yish zarur;

To‘rtinchidan, tibbiyot xodimlari va veterinariya xodimlari tomonidan uyma-uy yurib ko‘rik o‘tkazish davrida fuqarolarga eslatmalar tarqatilishi va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tushunchalar berib borishlari zarur;

Beshinchidan fuqarolar go‘sht va go‘sht mahsulotlarini to‘g‘ri kelgan joydan emas aynan savdo rastalaridan veterinariya ko‘rigidan o‘tgan go‘sht sotib olishlari zarur;

Mazkur ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqida yuqoridagi masalalar atroflicha yoritildi.

Ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari mutaxassislari, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Veterinariya boshqarmalari, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi rahbarlari, shu xizmatlarning shahar va tuman bo‘g‘ini mutaxassislari, “Bobo yurt” mahallasi fuqarolari, jami 263 nafar kishi va 12 ta maxsus texnika ishtirok etdi.

Kuydirgi va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bilan kurashish nafaqat tegishli xizmatlarning ishi bo‘libgina qolmasdan, balki keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaroning ham ishidir. Shunday bo‘lgan taqdirdagina biz ko‘zlagan maqsadimizga, ya’ni fuqarolarimizni o‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan muhofaza qilishga erishishimiz mumkin.